Uchtepa tumanidagi 229-maktabda “Birinchi qoʻngʻiroq” tadbirlari koʻtarinki ruhda boʻlib oʻtdi
2026-09-02 21:00:00 / Yangiliklar

Mamlakatimizdagi barcha taʼlim muassasalarida bu yilgi “Birinchi qoʻngʻiroq” tadbirlari “Yagona Vatan, yagona xalq boʻlib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida tantanali tarzda boʻlib oʻtdi.
Jumladan, poytaxtimizning Uchtepa tumanidagi 229-maktabda tashkil etilgan tadbirda davlatimiz madhiyasi yangragach, Prezidentimizning maktab oʻquvchilari va ustoz-murabbiylarga yoʻllagan tabrigi oʻqib eshittirildi.
Ilk bor maktab ostonasiga qadam qoʻyayotgan jajji oʻquvchilarni kutib olish marosimi his-hayajonli kechdi. Sahnaga 175 nafar bolajonning kirib kelishi, ota-onalarining quvonchi, bayram munosabati bilan ijro qilingan joʻshqin kuy-qoʻshiqlar tadbirga oʻzgacha fayz bagʻishladi.
Birinchi qoʻngʻiroqdan soʻng ularga “Prezident sovgʻalari” taqdim qilindi.
Shundan soʻng, barcha taʼlim muassasalarida boʻlgani kabi 229-maktabda “Kelajak soati” darslari boʻlib oʻtdi.
“Kelajak soati” darslarida ishtirok etgan IIV Birlashgan tahririyati bosh muharriri, podpolkovnik Xurshidbek Roʻziyev, Uchinchi Renessans poydevori boʻlgan — Yangi Oʻzbekiston yoshlarining hayotidagi unutilmas kun bilan qutlab, bugun ularning sifatli taʼlim olishi, zamonaviy bilim va kasb-hunar egallashi, oʻz iqtidor va intilishlarini toʻlaqonli namoyon etishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilganini alohida taʼkidladi.
“Bilimlar kuni” da IIV Birlashgan tahririyati tomonidan 229-maktab kutubxonasi uchun 100 dan ziyod badiiy kitoblar toʻplami taqdim qilindi.








