Respublika muvofiqlashtirish shtabi aʼzolari va ishchi guruhi tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasida tergov hibsxonasi faoliyati oʻrganildi
2026-09-02 14:00:00 / Yangiliklar

Bosh prokurorning birinchi oʻrinbosari B.Valiyev rahbarligidagi respublika muvofiqlashtirish shtabi aʼzolari va ishchi guruhi tomonidan, avvalo, inson huquq va erkinliklarini taʼminlash, tergov hibsxonalarida qonunchilik talablariga soʻzsiz rioya etilishini nazorat qilish, saqlanayotgan shaxslar uchun munosib shart-sharoitlarni yanada takomillashtirish, shuningdek, saqlanayotgan ayollar salomatligini mustahkamlash maqsadida Nukus shahrida joylashgan tergov hibsxonasida oʻrganish ishlari olib borildi.
Jumladan, muassasada saqlanayotgan ayollar va voyaga yetmaganlar uchun yaratilgan shart-sharoitlarga alohida eʼtibor qaratilib, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlash, tibbiy xizmat koʻrsatish, sanitariya-gigiyena talablariga rioya etish, yashash sharoitlari hamda tergov harakatlari jarayonida qonunchilik talablariga amal qilinishi holati atroflicha oʻrganildi.
Aniqlangan holatlar yuzasidan amaldagi qonunchilik talablaridan kelib chiqqan holda masʼullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Tashrif davomida ishchi guruhi aʼzolari tergov hibsxonasida saqlanayotgan shaxslar bilan bevosita muloqot qilib, ularni qiynayotgan muammolarni oʻrgandilar.
Suhbatlar davomida ularning yashash sharoitlari, tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlari, tergov jarayoni, qarovsiz qolgan voyaga yetmagan farzandlariga vasiy belgilash, shuningdek, boshqa masalalar yuzasidan murojaatlari tinglandi.
Har bir murojaat yuzasidan qonuniy yechimlar ishlab chiqish va ularni belgilangan tartibda koʻrib chiqish boʻyicha masʼullarga tegishli topshiriqlar berildi hamda ularning ijrosi nazoratga olindi.
Shuningdek, tergov hibsxonasida saqlanayotgan ayollarning salomatligini chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tashkil etildi.
Respublika idoralararo muvofiqlashtirish shtabining Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi oʻrganishlari davom etmoqda.









