Mustaqillik — muqaddas neʼmat, tinchlik — yuksak masʼuliyat: Vatan osoyishtaligi yoʻlida sadoqat bilan xizmat qilayotganlar safida
2026-09-02 11:00:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar vazirligining katta saf maydonida yuragi Vatan faxri, xalq taqdiri va yurt osoyishtaligi uchun joʻsh urayotgan fidoyi xodimlar saf tortdi. Bu yerda mujassam boʻlgan tantanavor ruh, harbiy intizom va yurtga sadoqat timsoli boʻlgan saflar mamlakatimiz mustaqilligining 35-yilligi nafaqat umumxalq bayrami, balki Vatan taqdiri uchun masʼuliyatni yana bir bor chuqur his etish ayyomi ekanini namoyon etdi.
“Yagona Vatan, yagona xalq boʻlib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan ezgu gʻoya ostida oʻtayotgan istiqlol tantanalari bugun har bir yurtdoshimiz qalbida aks-sado bermoqda. Ayniqsa, tinchlik va osoyishtalikni taʼminlashdek sharafli, ammo masʼuliyatli vazifani zimmasiga olgan ichki ishlar organlari xodimlari uchun bu bayramning mazmun-mohiyati yanada teran. Zero, Vatan mustaqilligi, xalq xotirjamligi va yurt tinchligi bir-biridan ajralmas tushunchalardir.
Tantanali tadbirni Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, general-leytenant Aziz Tashpulatov ochib berdi. Yigʻilganlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi yuksak ruh va iftixor bilan ijro etildi.
Shundan soʻng Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan bayram tabrigi oʻqib eshittirildi. Unda Yangi Oʻzbekistonni barpo etish, mamlakatimizni har tomonlama taraqqiy ettirish, inson qadrini ulugʻlash va xalq farovonligini taʼminlash yoʻlida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, erishilayotgan ulkan natijalar oʻz ifodasini topdi.
Tantanali tadbirning avvalida mamlakatimiz mustaqilligining oʻttiz besh yillik tarixi davomida yurt osoyishtaligini taʼminlash yoʻlida jon fido etgan, xizmat vazifasini bajarish chogʻida mardlarcha halok boʻlgan marhum xodimlar xotirlandi. Ularning porloq xotirasiga hurmat bajo keltirildi.
Bugun osoyishta hayotimiz, xotirjam kunlarimiz zamirida ana shunday fidoyi insonlarning jasorati, matonati va Vatan oldidagi beqiyos xizmati bor. Ularning qahramonligi avlodlar uchun ibrat, kasbdoshlari uchun esa muqaddas masʼuliyat maktabidir.
Shundan soʻng xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilib kelayotgan, oʻz xizmat burchiga masʼuliyat bilan yondashib, kasbdoshlariga oʻrnak boʻlayotgan bir guruh xodimlarga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari bilan berilgan davlat mukofotlari tantanali ravishda topshirildi.
Mukofot — mehnatga berilgan oddiy baho emas. Unda Vatan ishonchi, xalq eʼtirofi va xizmatga berilgan yuksak qadr mujassam. Shu bois qoʻlga kiritilgan har bir orden va medal xodimlar uchun nafaqat faxr, balki zimmasidagi masʼuliyatni yanada chuqur his etish, yangi marralar sari dadil qadam tashlashga daʼvatdir.
Davlat mukofotlari bilan bir qatorda, vazirlikning idoraviy koʻkrak nishonlari, muddatidan avval maxsus unvonlar hamda Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 35-yilligi koʻkrak nishonlari ham oʻz egalariga tantanali tarzda topshirildi.
Bunday eʼtiroflar, eng avvalo, xizmatdagi fidoyilik va sadoqatni ragʻbatlantirish bilan birga, yosh xodimlarni ham kasbga yanada masʼuliyat bilan yondashishga, el-yurt ishonchini oqlashga undaydi.
Tadbirning ikkinchi qismida ichki ishlar organlari tizimining 35-yillik taraqqiyot yoʻlini qamrab olgan videolavha namoyish etildi. Unda mustaqillikning dastlabki yillarida yuzaga kelgan murakkab vaziyatlar, mamlakatimizda tinchlik va barqarorlikni taʼminlash borasida koʻrilgan chora-tadbirlar, tizimning bosqichma-bosqich takomillashuvi, sohaviy xizmatlar va hududiy boshqarmalar faoliyatidagi muhim voqealar oʻz aksini topdi.
Shundan soʻng tantanali tadbir bayramona konsert dasturiga ulandi. Vatan madhi, tinchlik va osoyishtalik qadri, sharafli xizmat yoʻli tarannum etilgan qoʻshiqlar yangradi. Ichki ishlar vazirligi Madaniyat saroyi xonandalari hamda el ardogʻidagi sanʼatkorlarning dilbar chiqishlari yigʻilganlarga koʻtarinki kayfiyat bagʻishlab, istiqlol ayyomi shukuhini yanada oshirdi.
Zero, bu yurtga bayramlar, yaxshi kunlar va quvonchli lahzalar yarashadi. Chunki tinchliksevar xalqimiz azaldan osoyishtalikni eng ulugʻ qadriyatlardan biri deb bilgan. Bugungi farovon hayot, farzandlarimizning xotirjam kulgisi, yurtdoshlarimizning ertangi kunga ishonch bilan boqishi — barchasi tinchlikning naqadar buyuk neʼmat ekanini anglatadi.
Bu neʼmatni asrash esa barchamizning burchimiz. Ammo uning qadrini tinchlik posbonlari — Vatan sarhadlari va jamoat osoyishtaligi himoyasida turgan fidoyi insonlar, shubhasiz, yanada chuqurroq his etadilar. Chunki ular har kuni xizmat libosini kiyganida oʻz oldiga bir ulugʻ maqsadni — xalq tinchligi va Vatan osoyishtaligiga munosib xizmat qilish vazifasini qoʻyadi.
Oʻttiz besh yoshing muborak boʻlsin, Mustaqil Oʻzbekistonim!









