Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumanidagi jinoyatchilik holati tahlil qilindi va mavjud muammolarni hal qilish boʻyicha aniq vazifalar belgilandi
2026-09-01 13:10:00 / Yangiliklar

Sirdaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, polkovnik Sardor Mirzaraimov Oqoltin tumanida boʻlib, hududda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish hamda kriminogen vaziyat barqarorligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar holatini oʻrgandi.
Dastlab sariq va qizil toifada turgan “Shodlik”, “Yangi davr” va “Koʻrkam diyor” mahalla fuqarolar yigʻinlariga tashrif buyurilib, profilaktika inspektorlarining xizmat faoliyati hamda ular uchun yaratilgan sharoitlar, jumladan, xizmat uylarining holati koʻzdan kechirildi. Mavjud sharoitlarni yanada yaxshilash yuzasidan masʼullarga tegishli koʻrsatmalar berildi.
Shuningdek, Oqoltin tumani ichki ishlar boʻlimi huzuridagi Qoʻriqlash boʻlimi faoliyati, ijtimoiy soha obyektlari va xonadonlarni texnik qoʻriqqa olish holati, shuningdek, tuman ichki ishlar boʻlimi xodimlari uchun yaratilgan xizmat sharoitlari oʻrganildi.
Hududdagi kriminogen vaziyat va jinoyatchilikning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan tuman ichki ishlar boʻlimi boshligʻining taqdimoti tinglandi.
Oʻrganishlar yakunida shaxsiy tarkib ishtirokida yigʻilish oʻtkazilib, jinoyat va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, aholi tinchligi va osoyishtaligini taʼminlash hamda fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasidagi ishlar tanqidiy-tahliliy ruhda muhokama qilindi.
Yigʻilishda mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish, profilaktik tadbirlarni kuchaytirish hamda xizmat faoliyati samaradorligini oshirish yuzasidan masʼul rahbarlarga aniq vazifalar belgilab berildi.
Sirdaryo viloyati IIB Axborot xizmati



