Yangi oʻquv yili: taʼlim muassasalarida xavfsizlik — ustuvor vazifa
2026-09-01 16:00:00 / Yangiliklar

Mamlakatimizda 2-sentyabr kuni tantanavor ravishda nishonlanadigan Bilimlar kuni hamda yangi oʻquv yilining boshlanishi munosabati bilan taʼlim muassasalarida xavfsizlikni taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Joriy yilda respublika boʻyicha 11 178 ta umumtaʼlim maktabida Bilimlar kuniga bagʻishlangan tantanali tadbirlar oʻtkaziladi. Ularda jami 5 million 800 ming nafar oʻquvchi, jumladan, birinchi sinfga qadam qoʻyayotgan bolalar ota-onalari bilan birgalikda ishtirok etadi.
Shuningdek, yangi oʻquv yilida 598 ta kasbiy taʼlim muassasasi va 73 ta akademik litsey oʻz faoliyatini boshlaydi. Bu esa yangi oʻquv yilining ilk kunlarida taʼlim muassasalarida xavfsizlik choralarini yanada kuchaytirish, jamoat tartibini taʼminlash va profilaktik tadbirlarni tizimli tashkil etishni taqozo etadi.
Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligida tezkor yigʻilish oʻtkazilib, yangi oʻquv yilini uyushqoqlik bilan boshlash, taʼlim muassasalarida oʻquvchilar va ularning ota-onalari xavfsizligini taʼminlash, jamoat tartibini saqlash hamda turli koʻngilsiz holatlarning oldini olish masalalari muhokama qilindi.
Yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Aziz Tashpulatov, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qoʻmondoni, general-polkovnik Bahodir Tashmatov, Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vaziri, general-mayor Azizbek Ikramov, shuningdek, tegishli sohalar masʼullari ishtirok etdi.
Taʼkidlanganidek, bu yil Bilimlar kuni tadbirlarida millionlab oʻquvchilar, birinchi sinfga qadam qoʻyayotgan bolalar va ularning ota-onalari ishtirok etishi kutilmoqda. Shu sababli tadbirlar oʻtkaziladigan hududlarda jamoat tartibi va xavfsizlikni taʼminlash, odamlar gavjum boʻladigan joylarda harakatlanishni toʻgʻri tashkil etish alohida ahamiyatga ega.
Xususan, taʼlim muassasalari atrofida yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash, piyodalar harakatini tartibga solish, maktablar oldida transport vositalarining harakatlanishi va toʻxtashi bilan bogʻliq holatlarni nazorat qilish boʻyicha zarur choralar koʻriladi.
Ayniqsa, birinchi sinfga qabul qilinayotgan bolalarning ota-onalari bilan birgalikda tadbirlarda ishtirok etishi hisobga olinib, maktablar atrofida piyodalar oqimi va avtotransport harakatini xavfsiz tashkil etishga alohida eʼtibor qaratiladi.
Shu bilan birga, taʼlim muassasalarida yongʻin xavfsizligi qoidalariga rioya etilishi, yongʻin va boshqa favqulodda vaziyatlarning oldini olish, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, zarur hollarda tezkor harakat qilish boʻyicha tayyorgarlik holati ham koʻrib chiqildi.
Yigʻilishda masʼullarga har bir taʼlim muassasasida xavfsizlik choralarini oldindan taʼminlash, profilaktik tadbirlarni kuchaytirish, aniqlangan muammolarni zudlik bilan bartaraf etish hamda masʼul idoralar oʻrtasidagi hamkorlikni samarali tashkil etish boʻyicha tegishli topshiriqlar berildi.
Zero, yangi oʻquv yilining ilk kuni nafaqat oʻquvchilar, balki ularning ota-onalari uchun ham muhim va hayajonli kundir. Millionlab yurtdoshlarimiz ishtirokida oʻtadigan ushbu tadbirlarni tinch, osoyishta va xavfsiz oʻtkazish barcha mutasaddilardan yuksak masʼuliyat va hushyorlikni talab etadi.
Bolalar xavfsizligi — barchamizning umumiy masʼuliyatimiz. Shu bois Bilimlar kuni tadbirlarini yuqori saviyada, eng muhimi, xavfsizlik talablariga toʻliq rioya etgan holda oʻtkazishga barcha imkoniyatlar safarbar etilmoqda.



