Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasida “2-sentyabr — Bilimlar kuni” munosabati bilan videoselektor shaklida yigʻilish oʻtkazildi
2026-09-01 10:45:00 / Yangiliklar

Unda hamkor huquq-tartibot organlari rahbarlari hamda shahar-tuman masʼullari ishtirok etishdi.
Yigʻilishda yangi oʻquv yilini tinch, osoyishta va xavfsiz muhitda boshlash masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.
Xususan, Bilimlar kunida, jamoat tartibini saqlash, fuqarolar va yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash, yongʻin va favqulodda vaziyatlarning oldini olish, jamoatchilik kayfiyatiga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi holatlarga yoʻl qoʻymaslik, oʻquvchilarning maktablarga sogʻ-salomat va xavfsiz borib-kelishlarini taʼminlash boʻyicha zarur choralarni koʻrish vazifalari belgilab olindi.
Yigʻilish davomida masʼul rahbarlarning xavfsizlik va boshqa dolzarb masalalar yuzasidan hisobotlari hamda takliflari tinglanib, aniq vazifalar yuzasidan tegishli topshiriq va koʻrsatmalar berildi.
Zero, yangi oʻquv yilining ilk kuni bolalar qalbida quvonch, ota-onalar koʻnglida xotirjamlik uygʻotishi kerak.
Shu bois barcha masʼul xizmatlar uchun asosiy maqsad — Bilimlar kunini yuqori darajada, tinch va osoyishta oʻtkazish, oʻquvchilar xavfsizligini taʼminlashdan iborat.
Surxondaryo viloyati IIB Axborot xizmati



