Xalq osoyishtaligi yoʻlidagi xizmat uchun — munosib sharoit: Piskent tumani IIB yangi binosi foydalanishga topshirildi
2026-09-01 07:55:00 / Yangiliklar

Vatanimiz mustaqilligining 35-yillik shodiyonalari keng nishonlanayotgan ayni shukuhli kunlarda yurtimizning barcha hududlarida bunyodkorlik va yangilanish jarayonlari izchil davom etmoqda. Eng muhimi, bu yangilanishlar inson qadri va uning munosib hayot kechirishiga xizmat qilmoqda.
Bu ezgu jarayon Toshkent viloyatining Piskent tumanida ham oʻziga xos ahamiyat kasb etdi. Tuman ichki ishlar boʻlimining zamonaviy, barcha zarur shart-sharoitlarga ega yangi maʼmuriy binosi foydalanishga topshirilishi munosabati bilan tantanali tadbir oʻtkazildi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri general-leytenant Aziz Tashpulatov, Toshkent viloyati IIBB rahbariyati, tuman hokimligi vakillari, soha faxriylari hamda shaxsiy tarkib ishtirok etdi.
Tantanali ochilish marosimida taʼkidlanganidek, mazkur zamonaviy maskan, avvalo, muhtaram Prezidentimiz tomonidan ichki ishlar organlariga, ular zimmasidagi gʻoyat masʼuliyatli vazifalarga, Vatanimiz tinchligi va xalqimiz osoyishtaligini taʼminlashdek ulugʻ maqsadga qaratilayotgan yuksak eʼtiborning amaliy ifodasidir.
Zero, bugun mamlakatimizda ichki ishlar organlari faoliyatini zamon talablari asosida takomillashtirish, xodimlarning samarali xizmat qilishi uchun munosib shart-sharoitlar yaratish, aholi bilan ochiq va yaqin muloqotni yoʻlga qoʻyish davlat siyosatining muhim yoʻnalishlaridan biriga aylandi.
Tantanali lahzalarda qizil lenta faxriylarning barakali qoʻllari bilan qirqilib, yangi maskanga ilk qadamlar qoʻyildi.
Bu oddiy bir binoning ochilishi emas. Bu — Piskent tumanida jamoat xavfsizligini taʼminlash, jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, aholi bilan samarali hamkorlikni yanada mustahkamlash borasida yangi imkoniyatlar eshigi ochilganini anglatadi.
Zero, Piskent tumani Ichki ishlar boʻlimining avvalgi maʼmuriy binosi sobiq Ittifoq davrida — 1967-yilda barpo etilgan edi. Qariyb 60-yil davomida ushbu maskanda minglab ichki ishlar xodimlari xalq tinchligi va osoyishtaligi yoʻlida sharafli xizmatni amalga oshirdilar.
Bir necha avlod xodimlarining xizmat faoliyatiga guvoh boʻlgan ushbu maskan oʻz tarixiga ega edi. Endi esa ana shu tarixiy anʼanalar zamonaviy sharoitlarda davom ettiriladi.
Soʻnggi talablar asosida qayta qurilgan yangi maʼmuriy bino avvalgisidan nafaqat koʻrinishi, balki imkoniyatlari bilan ham tubdan farq qiladi. Ilgarigi binoda 19 ta xizmat xonasi mavjud boʻlgan boʻlsa, endilikda xodimlar ixtiyoriga 46 ta qulay va shinam xizmat xonasi topshirildi.
Tadbir davomida mehmonlar har bir xizmat xonasida xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar, kuch va vositalarni boshqarishda qoʻllanilayotgan zamonaviy texnologik yechimlar, shuningdek, fuqarolar murojaatlari bilan ishlash uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdilar.
Bu sharoitlarning barchasi bir maqsadga — ichki ishlar organlari xodimining oʻz vazifasini yanada samarali, tezkor va sifatli bajarishiga xizmat qilishi lozim.
Ichki ishlar vaziri general-leytenant Aziz Tashpulatov ham xizmat sharoitlarining yaxshilanishi xodimlar zimmasiga qoʻshimcha masʼuliyat yuklashini alohida taʼkidladi.
Sharoit yaxshilangan sari xizmat sifati ham, natija ham yuqori boʻlishi shart.
Bu — bugungi ichki ishlar organlari xodimiga qoʻyilayotgan talabning aniq ifodasidir.
Yangi imkoniyatlar, avvalo, xalqqa xizmat qilishi kerak. Fuqaro oʻz muammosi bilan ichki ishlar organiga murojaat qilganida ortiqcha ovoragarchilikka duch kelmasligi, uning murojaati eʼtiborsiz qolmasligi, har bir masalaga qonuniy va adolatli yondashuv taʼminlanishi lozim.
Piskent tumani Ichki ishlar boʻlimi jamoasi sentyabr oyini ana shunday zamonaviy va munosib xizmat sharoitida boshlaydi.
Endilikda yangi bino xodimlar uchun shunchaki xizmat maskani emas, balki xalq ishonchi va tinchligini taʼminlash yoʻlidagi masʼuliyatli mehnatning yangi manzili boʻladi.









