Aholi murojaatlari ijobiy hal etilmoqda
2026-08-31 14:50:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 30-avgust kuni Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari polkovnik Ramazon Ashropov rahbarligida ichki ishlar organlarining sayyor qabullari boʻlib oʻtdi.
Unda, sohaviy xizmatlar rahbarlari hamda masʼul xodimlar ishtirok etib, aholidan kelib tushgan murojaatlarni koʻrib chiqish, ular yuzasidan amaliy choralar belgilash va har bir masalaga aniq huquqiy yechim topishga alohida eʼtibor qaratildi.
Sayyor qabul fuqarolar uchun qulay shaklda tashkil etildi. Toshkent shahri va Toshkent viloyatida istiqomat qiluvchi murojaatchilar rahbariyat bilan yuzma-yuz muloqot qildi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda boshqa hududlarda yashovchi fuqarolar esa videokonferensaloqa orqali qabulda ishtirok etib, oʻzlarini qiynayotgan masalalarni bevosita bayon qilish imkoniyatiga ega boʻldi.
Tadbir yakuniga koʻra, jami 167 ta murojaat roʻyxatga olindi. Ularning 68 tasi yoki 41 foizi qabul jarayonining oʻzida ijobiy hal etildi. Qolgan 99 ta murojaat qoʻshimcha oʻrganish talab etgani bois, ijrosi nazoratga olinib, tegishli sohaviy xizmatlarga yuborildi.
Sayyor qabullar aholi va davlat organlari oʻrtasida ochiq va samarali muloqotni yoʻlga qoʻyish, fuqarolarni tashvishlantirayotgan masalalarni joyida oʻrganib, ularga tezkor yechim topish ustuvor vazifa boʻlib qolmoqda.
Shuningdek, bunday uchrashuvlar ichki ishlar organlari faoliyatining ochiqligi, xalq bilan yaqin hamkorlikni kuchaytirish xizmat qilmoqda.
Bunday sayyor qabullar kelgusida ham mamlakatimizning barcha hududlarida izchil va muntazam ravishda davom ettiriladi.



