Taʼlim muassasalarida xavfsiz muhit – ustuvor vazifa
2026-08-30 12:00:00 / Yangiliklar

Bugun taʼlim muassasalarida sifatli taʼlim-tarbiya jarayonini tashkil etish bilan bir qatorda, oʻquvchi va pedagoglar uchun xavfsiz, barqaror va ishonchli muhit yaratish ham eng muhim vazifalardan biriga aylangan.
Zero, maktab — nafaqat bilim va tarbiya maskani. Bu — ota-ona farzandini ishonch bilan topshiradigan, bola esa kunning asosiy qismini oʻtkazadigan muhit. Shu bois taʼlim muassasalari xavfsizligiga yondashuv ham yangi mazmun va talablar asosida takomillashtirilmoqda.
Maktabda qoʻngʻiroq chalinishi bilan yangi dars boshlanadi. Ammo oʻquvchi sinf xonasiga kirguniga qadar uning xavfsizligini taʼminlaydigan butun bir tizim ishlashi kerak.
Maktabga olib keluvchi yoʻl, kirish-chiqish nazorati, qoʻriqlash posti, videokuzatuv kameralari, tashvish tugmasi, tezkor harakatlanuvchi guruhlar — bularning har biri alohida vosita. Ularning yagona mexanizm sifatida ishlashi esa xavfsiz taʼlim muhitini shakllantiradi.
Yangi oʻquv yili arafasida Vazirlar mahkamasining taʼlim sohasida xavfsizlik tizimini takomillashtirishga qaratilgan qarori qabul qilinishi esa oʻquv dargohlarida yagona xavfsizlik standartini oʻrnatib berdi.
Shundan soʻng Qoʻriqlash departamenti tomonidan poytaxt taʼlim muassasalarida aynan shu tizimning har bir yoʻnalishi qayta koʻrib chiqildi.
Dastlab eng asosiy boʻgʻin, taʼlim muassasalarida xizmat olib boruvchi qoʻriqlash xizmatining nazoratchi xodimlari maxsus oʻquv kurslariga jalb etilib, ularning kasbiy va amaliy tayyorgarligi kuchaytirildi.
Oʻquvlarda asosiy maqsad qorovulni faqat kirish-chiqishni nazorat qiluvchi nazoratchi emas, balki xavfni birinchi boʻlib payqaydigan, vaziyatni tez baholaydigan va zarur holatda toʻgʻri qaror qabul qiladigan xavfsizlik tizimining muhim boʻgʻini sifatida tayyorlashga qaratildi.
Mashgʻulotlar real vaziyatlarga yaqinlashtirilgan holda oʻtkazilib, kirish-chiqish rejimini tashkil etish, begona va shubhali shaxslarni aniqlash, videokuzatuv va texnik qoʻriqlash vositalaridan foydalanish, xavf signali kelib tushganda tezkor harakat qilish boʻyicha amaliy koʻnikmalar mustahkamlandi.
Shu bilan birga, nazoratchilarning maktab atrofida oʻquvchilar harakati xavfsizligini taʼminlashdagi ishtirokiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Soha mutaxassislari ishtirokida yoʻl harakati qoidalari, oʻquvchilarning yoʻlni xavfsiz kesib oʻtishini tashkil etish va maktab oldi hududlarida xavfli vaziyatlarning oldini olish boʻyicha amaliy mashgʻulotlar oʻtkazildi.
Maktablardagi texnik xavfsizlik vositalari ham qayta koʻrikdan oʻtkazildi. Maskanlarda tashvish tugmalarini oʻrnatish va ularning doimiy ishlashini taʼminlash choralari koʻrildi, mavjud tizimlarda aniqlangan nosozliklar bartaraf etilib, qurilmalar ishchi holatga keltirildi.
Muassasalar hududlariga videokuzatuv kameralari oʻrnatilib, Toshkent shahar Qoʻriqlash xizmatining boshqaruv markazida Qoʻriqlash departamentining oʻz dasturchilari tomonidan yaratilgan platforma orqali nazorat qilinishi yoʻlga qoʻyildi.
Endilikda eng asosiy vazifa – Davlatimiz rahbari tomonidan belgilangan talablarni har bir taʼlim muassasasida amalda ishlaydigan samarali tizimga aylantirish.
Ayni shu maqsadda bugun Toshkent shahar Qoʻriqlash xizmati binosida poytaxt taʼlim muassasalari xavfsizligini kompleks taʼminlash masalalariga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazildi.
Unda Qoʻriqlash departamenti rahbariyati, taʼlim muassasalari xavfsizligini taʼminlashga masʼul qoʻriqlash xizmati nazoratchilari, maktab taʼlimi boshqarmasi masʼullari hamda favqulodda vaziyatlar vazirligining sohaviy vakillari ishtirok etdi.
Yigʻilishda Qoʻriqlash departamenti boshligʻi, polkovnik Qobil Shodibekov yangi oʻquv yili arafasida poytaxtdagi taʼlim muassasalarining xavfsizlikka tayyorlik holatini sarhisob qilib, qoʻriqlashni sifat jihatidan yangi darajada tashkil etish boʻyicha ustuvor vazifalarni belgilab berdi.
Kirish-chiqish nazorati, qoʻriqlash postlarida xizmatni tashkil etish, videokuzatuv va texnik qoʻriqlash vositalarining uzluksiz ishlashi, tashvish tugmalarining doimiy sozligi, shuningdek, favqulodda vaziyatlarda masʼul xizmatlarning oʻzaro harakat algoritmlari muhokama qilindi.
Xavfsizlikka formal yondashuv boʻlishi mumkin emas. Har bir qoʻriqlash posti, har bir kamera, har bir tashvish tugmasi va, eng muhimi, har bir masʼul xodim yagona xavfsizlik tizimining uzviy qismi sifatida samarali ishlashi shartligi alohida taʼkidlandi.
Zero, taʼlim muassasasida xavfsiz muhit yaratish – faqat binoni qoʻriqlash emas. Bu – xavfni oldindan anglash, uning oldini olish va zarur vaziyatda barcha kuch va vositalarni bir mexanizmdek harakatga keltira oladigan ishonchli tizimni shakllantirishdir.
Pirovard maqsad – har bir bola bilim maskaniga xavfsiz kirib, xavfsiz qaytishi, har bir ota-ona esa farzandi ishonchli himoya ostida ekaniga qatʼiy ishonishi uchun zarur muhitni yaratish.






