Sirdaryoda yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash boʻyicha ustuvor vazifalar belgilandi
2026-08-29 12:15:00 / Yangiliklar

Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, polkovnik Sardor Mirzoraimov viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Jamoat xavfsizligi xizmati Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasida boʻlib, boshqarma shaxsiy tarkibi hamda xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Dastlab boshqarma boshligʻi shaxsiy tarkib bilan muloqot qilib yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash maqsadida har bir xodim oʻziga yuklatilgan vazifalarni sidqidildan va vijdonan bajarishi lozimligini alohida taʼkidlab oʻtdi.
Oʻrganishlar davomida Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasining moddiy-texnik bazasi, xizmat faoliyatida foydalanilayotgan mavjud transport vositalari va ularning bugungi holati koʻzdan kechirildi.
Shuningdek, masʼul rahbarlarning viloyat hududida yoʻl harakati xavfsizligini namunali tashkil etish, yoʻl-transport hodisalarining oldini olish, ularning sodir etilishiga sabab boʻlayotgan omillarni bartaraf etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan axborotlari tinglandi.
Alohida eʼtibor piyodalar, ayniqsa, bolalar va yoshlar oʻrtasida yoʻl harakati qoidalariga rioya etish madaniyatini yuksaltirish, yoʻl-transport hodisalarining oldini olish maqsadida olib borilayotgan profilaktik va targʻibot tadbirlariga qaratildi.
Oʻrganish yakunida yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash, fuqarolarning hayoti va sogʻligʻini muhofaza qilish, yoʻl-transport hodisalarining barvaqt oldini olish hamda bu boradagi profilaktik tadbirlarni yanada kuchaytirish yuzasidan masʼullarga tegishli topshiriq va koʻrsatmalar berildi.
Sirdaryo viloyati IIB Axborot xizmati








