Navoiyda mustaqillik bayrami munosabati bilan fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi maqomi berildi
2026-08-28 20:20:00 / Yangiliklar

Yurtimizda yillar davomida yashab, mehnat qilib, mamlakatimiz taraqqiyotiga oʻz hissasini qoʻshib kelayotgan fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilinishi ezgu maqsadlarning amaliy ifodasidir. Muhtaram Prezidentimizning tegishli farmoni asosida Navoiy viloyati hududida doimiy yashovchi 3 nafar fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligi berildi. Shu munosabat bilan Navoiy viloyati hokimligi binosida tantanali marosim tashkil etildi. Viloyat hokimi hamda viloyat IIB boshligi tomonidan ushbu fuqarolarga identifikatsion ID-kartalari topshirildi.
Mashaqqatli yillar davomida halol mehnati orqali jamiyatda oʻz oʻrnini topgan mazkur fuqarolar orasida Anas Valiaxmetov ham bor.
“— Bugun juda ham xursandman. Negaki bugun 9-yillik orzuyim ushaldi.“ — deydi 61 yoshni qarshilagan Anas Valiaxmetov .“ —Prezidentimizning bizlarni oʻylab qabul qilgan ushbu farmonlari oʻzbek xalqining naqadar oliyjanob va insonparvar ekanligining yana bir isboti. Buning uchun yurtboshimizga oʻz minnatdorchiligimni bildiraman. Mustaqilligimizning 35-yillik toʻyi barchamizga muborak boʻlsin! “
Oʻzbekiston fuqaroligiga ega boʻlishi mamlakatimizda inson huquq va manfaatlarini taʼminlash, fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning huquqiy maqomini belgilash borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning amaliy natijalaridan biri hisoblanadi. Bu esa mamlakatimizda inson qadrini ulugʻlash va har bir insonning qonuniy manfaatlarini taʼminlash borasidagi ezgu saʼy-harakatlarning yana bir yorqin ifodasi.
Navoiy viloyati IIB axborot xizmati





