Buxoroda kiberjinoyatchilikka qarshi kurashishda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish masalalari muhokama qilindi
2026-08-28 17:40:00 / Yangiliklar

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi rahbarligida axborot texnologiyalari sohasida sodir etilayotgan jinoyatlarning barvaqt oldini olish, kiberxavfsizlikni mustahkamlash hamda bu boradagi tezkor-profilaktik ishlar natijadorligini tahlil qilishga bagʻishlangan tezkor yigʻilish boʻlib oʻtdi. Yigʻilishda sohaga masʼul rahbarlarning soʻnggi yillardagi tahliliy taqdimotlari tinglanib, kiberjinoyatchilik dinamikasi hamda kelgusida amalga oshirilishi lozim boʻlgan ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Viloyatda axborot texnologiyalari vositasida sodir etilgan huquqbuzarliklar chuqur oʻrganilib, jabrlangan fuqarolarning ijtimoiy toifalari va yosh koʻrsatkichlari tahlil qilinganda, jinoyatlarning aksariyati zararli fayllar, soxta havolalar, onlayn savdo platformalaridagi firibgarliklar, asossiz daromad va yutuq vaʼda qilish hamda soxta investitsiya sxemalari orqali sodir etilganligi qayd etildi. Shuningdek, hududlarni toʻrtta mintaqaga ajratgan holda profilaktik chora-tadbirlar kuchaytirilishi natijasida murojaatlar soni qisqarib, jinoyatlarni fosh etish koʻrsatkichlari sezilarli darajada oshganiga eʼtibor qaratildi.
Tezkor yigʻilish davomida kiberjinoyatlarga qarshi kurashishda zamonaviy dasturiy yechimlarni joriy etish masalasi alohida muhokama qilindi. Shu maqsadda, Buxoro viloyati IIB masʼullari tomonidan ishlab chiqilgan “Buxoro smart qalqon“ maxsus mobil ilovasi tanishtirildi. Ushbu dasturiy taʼminot qurilmalarni masofadan boshqarish xavfini tugʻdiruvchi zararli fayllarni oʻrnatilishidan avval aniqlab bloklaydi, noqonuniy va taqiqlangan kontentlarga, jumladan VPN orqali ulanish urinishlariga cheklov oʻrnatadi hamda ota-onalarga farzandlarining xavfsizligini nazorat qilish imkonini beradi. Aholining kiberxavfsizligini taʼminlashda ushbu ilovaning oʻrni yuqori ekanligi, fuqarolar turli soxta havolalarga aldanib qolmasdan dasturni faqat rasmiy “Play Market” maydonchasi orqali yuklab olishlari muhimligi taʼkidlandi.
Tadbirda “Xavfsiz va sogʻlom yurt“ tezkor-profilaktik tadbiri doirasida amalga oshirilgan ishlar, fuqarolarning bank kartalaridagi mablagʻlarini tezkor saqlab qolish amaliyoti hamda profilaktik targʻibotning samaradorligi koʻrib chiqildi. Yigʻilish yakunida viloyat IIB boshligʻi tomonidan kiberjinoyatlarni jilovlash, aholining raqamli savodxonligini oshirish va masʼul xodimlarning hushyorligini kuchaytirish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.



