Intil, kurash va gʻolib boʻl!
2026-08-27 23:00:00 / Yangiliklar

Guliston tumanida oʻtkazilgan sohil voleyboli boʻyicha Sirdaryo viloyati IIB boshligʻi kubogi musobaqalari ana shu shior ostida boʻlib oʻtdi. Yoshlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini keng targʻib qilish uchun oʻziga xos platforma vazifasini oʻtagan ushbu musobaqada viloyatning barcha tuman va shahar bosqichlari gʻoliblari oʻzaro bellashdi.
Guliston tumanining “Chortoq” mahallasidagi sport majmuasi tuman-shaharlardan kelgan ellikdan ortiq yoshlarni oʻz bagʻriga jamladi. Joʻshqin, oʻz kuchiga ishongan, gʻoliblikka chanqoq yoshlar nisbatan yangi yoʻnalish boʻlgan sohil voleybolining nozik jihatlarini yaxshi oʻzlashtirganliklarini namoyish etishdi.
Eʼtiborlisi, mazkur sport maydoni viloyat IIB boshligʻining yoshlar bilan uchrashuvida bildirilgan takliflar asosida barpo etilgan edi. Bugungi kunda ushbu maskan mahalla yoshlari uchun sport bilan muntazam shugʻullanish, boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish va sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish uchun xizmat qilmoqda.
Musobaqa yakuniga koʻra, faxrli uchinchi oʻrin Sir-daryo tumani yoshlariga nasib etdi. Hal qiluvchi final bahsida esa Sayxunobod va Guliston tumani jamoalari oʻzaro kuch sinashdi. Murosasiz va qiziqarli kechgan uchrashuvda Guliston tumani yoshlari musobaqaning bosh sovrinini qoʻlga kiritishdi.
Ushbu musobaqa viloyatdagi har bir yoshga ichki ishlar organlari tomonidan eʼtibor qaratilayotgani, har tomonlama qoʻllab-quwatlanayotganining oʻziga xos namoyishidir, — deydi Guliston tumani IIB boshligʻining oʻrinbosari, mayor Xurshid Muqimov. — Jumladan, Guliston tumanida ham yoshlarning bandligini taʼminlash, sogʻlom turmush tarziga yoʻnaltirishga qaratilgan profilaktik tadbirlar bir kun ham toʻxtagani yoʻq.
Musobaqa yakunida gʻolib va sovrindorlarga viloyat IIB kubogi, diplom, medal hamda esdalik sovgʻalari tantanali tarzda topshirildi.
Abdurahmon Mustafoqulov, Sirdaryo viloyati.
