IIV taʼlim muassasalarining yangi oʻquv yiliga tayyorgarlik holati oʻrganildi
2026-08-23 13:15:00 / Yangiliklar

Yangi oʻquv yilini munosib kutib olish, taʼlim-tarbiya jarayonini samarali tashkil etish hamda oʻquvchilar uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish maqsadida Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, polkovnik Diyorbek Sattarov boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan IIV tasarrufidagi taʼlim muassasalarining yangi oʻquv yiliga tayyorgarlik holati oʻrganildi.
Oʻrganishlar davomida IIV ixtisoslashgan maktab-internati, 1- va 2-sonli akademik litseylar hamda IIV Akademiyasidagi mavjud sharoitlar, oʻquv jarayonini tashkil etish imkoniyatlari va moddiy-texnik baza koʻzdan kechirildi.
Xususan, oʻquv xonalari, yotoqxonalar, oshxonalar, sport va maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar uchun moʻljallangan joylarning holati, ularning zarur jihozlar bilan taʼminlanganligi hamda oʻquvchilar uchun yaratilgan sharoitlar atroflicha koʻrib chiqildi.
Shuningdek, taʼlim muassasalari hududining obodonlashtirilganligi, sanitariya-gigiyena va xavfsizlik talablariga rioya etilishi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarining holati hamda mavjud imkoniyatlarni yanada kengaytirish masalalariga eʼtibor qaratildi.
Akademiyada barpo etilayotgan qoʻshimcha binolardagi qurilish-montaj ishlarining borishi ham oʻrganilib, obyektlarni belgilangan muddatlarda va sifatli foydalanishga topshirish, qurilish ishlarini jadallashtirish yuzasidan masʼullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Oʻrganish yakunlari boʻyicha taʼlim muassasalari rahbarlari va masʼul xodimlarga yangi oʻquv yilini puxta tayyorgarlik bilan boshlash, mavjud sharoitlarni yanada yaxshilash hamda oʻquvchi va kursantlar uchun zamonaviy, xavfsiz va qulay taʼlim muhitini taʼminlash boʻyicha aniq vazifalar belgilab berildi.
Topshiriqlar ijrosi hamda taʼlim muassasalarining yangi oʻquv yiliga tayyorgarlik holati nazoratga olindi.
IIV Ma'naviy-ma'rifiy ishlar va kadrlar bilan ta'minash departamenti Axborot xizmati



