Biz — korrupsiyaga qarshimiz! Qimmatga tushgan mastlik
2026-08-23 00:15:00 / Yangiliklar

Hammasi Qashqadaryo viloyati IIB Shimoli-sharqiy mintaqaviy hudud yoʻl-patrul xizmati otryadi YPX inspektori, safdor Shahzod Zoidovning hushyorligidan boshlandi. «Shahrisabz-Miraki» yoʻnalishida xizmat olib borayotgan inspektor harakatlanishida shubha uygʻotgan «Cobalt»ni toʻxtatdi. Suhbat davomida haydovchi — buxorolik O.Ravshanov rulni mast holda boshqarayotgani maʼlum boʻldi. Bayonnoma rasmiylashtirilib, mashina jarima maydonchasiga joylashtirildi.
Voqealar rivoji shu bilan tugamadi. Qoidabuzar haydovchi qilmishidan toʻgʻri xulosa chiqarish oʻrniga, vaziyatdan noqonuniy yoʻl bilan chiqib ketishga urindi. Oradan uch kun oʻtib, u viloyat IIB YHXB Maʼmuriy amaliyot markazi tuman (shahar)larga xizmat koʻrsatish guruhi inspektori, katta serjant Komiljon Hasanovning huzuriga «muammoni hal qilish» uchun keldi. Bayonnomani yoʻq qilish va ulovini jarima maydonidan chiqarib berish evaziga xodimga 1500 AQSH dollari miqdorida pora taklif qildi. Katta serjant unga bu harakati ogʻir jinoyat ekanini tushuntirdi, ammo haydovchi oʻz fikridan qaytmadi. Xodim pora bilan ishni bitirmoqchi boʻlgan fuqaro ustidan rahbariyatga bildirgi bilan murojaat qildi.
Hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda O. Ravshanov 1500 AQSH dollarini pora tariqasida berayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olindi. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Spirtli ichimlik taʼsirida avtomashina boshqarish — jinoyatga qoʻyilgan birinchi qadam. Bu qadamni pora berish bilan yashirishga urinish esa sizni toʻgʻri panjara ortiga boshlaydi. Yuqoridagi kabi voqealar oʻzgalarga saboq, nafsiga qul boʻlganlarga dars boʻlishi lozim.
© “Postda” gazetasi, Sodiq RAHIMOV, Qashqadaryo viloyati.
