Toʻyxat oʻrnida. Toʻqsonga tutashgan taqdir
2026-08-21 12:45:00 / Yangiliklar

Oʻrta maktab ostonasidan katta hayotga qadam qoʻygan qahramonimiz yigitlik burchini oʻtash uchun olis Rossiyaning Feodosiya shahridagi harbiy dengiz flotiga yoʻl oldi. Moviy dengizning shiddatli toʻlqinlari bilan yuzma-yuz kechgan toʻrt yillik xizmat uni tobladi va qalbida bukilmas qatʼiyatni shakllantirdi.
Harbiyda toblangan oʻgʻlon Toshkentga qaytib, taqdirini el osoyishtaligini saqlashdek masʼuliyatli soha bilan bogʻlashga ahd qildi. Poytaxtdagi oʻrta-maxsus militsiya maktabini muvaffaqiyatli tamomlab, ilk amaliy mahorat va tajriba saboqlarini Toshkent viloyati IIB YHNB yoʻl harakati nazorat inspektori boʻlib xizmat qilgan yillarda oldi. Kasbiy mahoratini uzluksiz oshirishga boʻlgan kuchli intilish hamda yuksak masʼuliyat tuygʻusi uni IIV oliy maktabiga yetakladi va huquqshunos mutaxassisligini egalladi.
1968-yildan IIV Harakat xavfsizligi bosh boshqarmasida faoliyat yuritishni boshlagan N. Shamshitdinov keyingi 14 yil davomida yoʻllarda harakat xavfsizligini taʼminlash, ogʻir yoʻl-transport hodisalarining oldini olishda, haydovchilar va piyodalar bilan targʻibot-tashviqot ishlarini olib borishda faol ishtirok etib, oʻz ishining fidoyi ustasi sifatida el-yurt eʼtiborini qozondi.
Tajribali tashkilotchi va oʻz kasbining fidoyisi boʻlgan Nizomiddin aka 1981-yilda Namangan viloyat IIB DAN xizmati boshligʻi lavozimiga tayinlandi. Oʻsha yillarda viloyat yoʻl harakati xavfsizligi tizimi murakkab davrni boshidan kechirayotgan, asosiy koʻrsatkichlar boʻyicha respublikada oxirgi oʻrinda edi. U oʻzining boy tajribasi, yuksak tashkilotchilik mahorati va qatʼiy talabchanligini ishga solib, qisqa fursat ichida xizmatni tubdan yaxshiladi. Tizimga tatbiq etilgan yangilik, oʻziga xos ish uslubi, mustahkam tartib-intizom va fidokorona xizmat natijasi oʻlaroq, Namangan viloyati DAN xizmati respublikada 1-oʻringa koʻtarildi. Ushbu fidoyilik eʼtirof etilib, N.Shamshitdinovga «polkovnik» maxsus unvoni berildi hamda vazirlikning faxriy yorligʻi bilan taqdirlandi.
Nizomiddin akaning sermazmun faoliyatidagi eng muhim jihatlardan biri uning insonparvarligi va yoshlarga, shogirdlarga yoʻl-yoʻriq koʻrsatishdagi yuksak murabbiylik mahoratidir. Koʻp yillar davomida yoʻl harakati xizmati yoʻnalishida faoliyat yuritgan xodim sifatida qoidabuzarlikka yoʻl qoʻygan fuqarolarga nisbatan yondashuvini soʻraganimizda, u shunday javob berdi:
- Yoʻl-patrul xizmati inspektorining nigohidan hech bir tafsilot chetda qolmasligi zarur. Ushbu yoʻnalishning asl mohiyati faqat qoidabuzarlikni qayd etib, bayonnoma yozishdan iborat emas, balki haydovchiga madaniyat ulashish, xatoni oʻz vaqtida anglatib, yuz berishi mumkin boʻlgan fojianing oldini olishdir. Biroq qoʻpol qoidabuzarlik sodir etgan, ayniqsa, mast holda transport vositasini boshqarib, kayf-safoni insonlar hayotidan ustun qoʻyganlarga nisbatan aslo shafqat boʻlmasligi, qonun ustuvorligi taʼminlanishi shart.
Tajribali rahbarning ichki ishlar organlaridagi sharafli yoʻli nafaqat yuksak namuna, balki haqiqiy ustozlik maktabiga aylandi. Ushbu maktabda toblangan va eʼtibor topgan polkovniklar Toshxoʻja Rahmatullayev, Musaxon Oppoqov, Abduvahob Mirzaqulov kabi koʻplab el eʼzozidagi shogirdlar bugun ham ustozning bebaho oʻgitlari, oqilona koʻrsatmalarini cheksiz ehtirom va faxr bilan yodga olishadi.
Ichki ishlar organlarida 30 yildan ortiq fidokorona xizmat qilib, yuksak ehtirom va obroʻ-eʼtibor qozongan isteʼfodagi polkovnik Nizomiddin Shamshitdinov bugungi kunda farzandlar va nevara-chevaralar ardogʻida keksalik gashtini surmoqda.
Ibratli umr yoʻlining toʻqsoninchi dovonida turgan muhtaram faxriyimizga mustahkam sogʻliq, tetiklik hamda elning duogoʻyi boʻlib yurishini tilaymiz.
Sarvar Sobirov, oʻz muxbirimiz. “Postda”
Toshkent shahri
