Oʻquv jarayoni va yosh kursantlarni qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor
2026-08-20 08:40:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, polkovnik Diyorbek Sattarov boshchiligida masʼullar tomonidan IIV Oʻquv dala markazining faoliyati, mavjud shart-sharoitlar hamda oʻquv jarayonini yanada takomillashtirish masalalari oʻrganildi.
Vazirlik Akademiyasiga yangi qabul qilingan yoshlarning akademiya hayotiga moslashuvi, ular uchun munosib taʼlim va tarbiya muhitini yaratish, shuningdek, yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan shart-sharoitlarni yanada yaxshilash choralari koʻrildi.
Shu maqsadda markazidagi yotoqxona, kutubxona, oshxona, oʻquv xonalari hamda boshqa infratuzilma obyektlarining holati koʻzdan kechirildi. Oʻquv mashgʻulotlarini zamonaviy talablar asosida tashkil etish, dars jarayonini yangi bosqichga olib chiqish va kursantlar uchun qulay taʼlim muhitini shakllantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, yoshlarning psixologik holati, ijtimoiy moslashuvi, maʼnaviy-maʼrifiy muhiti va jamoaga integratsiyalashuvi bilan bogʻliq masalalar ham oʻrganildi. Kursantlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, kitobxonlik va maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni tizimli yoʻlga qoʻyish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi.
Markazda yaratilgan shart-sharoitlarni yanada yaxshilash, oʻquv va tarbiya jarayonlarining samaradorligini oshirish, eng muhimi, tizimga ilk qadam qoʻyayotgan yoshlarni munosib qoʻllab-quvvatlash boʻyicha masʼullarga tegishli vazifalar belgilab berildi.
Zero, sifatli taʼlim, sogʻlom maʼnaviy muhit va munosib shart-sharoit kelajakda bilimli, jismonan va ruhan barkamol, Vatanga sadoqatli ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlashning muhim omilidir.






