Mahallalarda xavfsiz muhitni mustahkamlash — ustuvor vazifa
2026-08-19 19:55:00 / Yangiliklar

Sirdaryo viloyatida mahallalarda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish, hududlarda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash masalalariga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazildi.
Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasining Sirdaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda Mahallalar uyushmasining Sirdaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi hamkorligida tashkil etildi.
Unda masʼul rahbar va xodimlar, Mahallalar uyushmasi vakillari hamda viloyatdagi 221 ta mahalla raisi ishtirok etdi.
Yigʻilishda profilaktika inspektorlari, mahalla raislari va faollarining oʻzaro hamkorligini yanada kuchaytirish, hududlardagi muammoli oilalar, yoshlar va profilaktik hisobda turgan shaxslar bilan manzilli ishlash samaradorligini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, ichki ishlar organlari xodimlarining xizmat vazifalarini vijdonan bajarishi, ular faoliyatida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan salbiy holatlarning barvaqt oldini olish hamda xodimlarning huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlash borasida hamkorlikni kuchaytirish yuzasidan fikr almashildi.
Sirdaryo viloyati IIB Axborot xizmati



