Samarqand viloyatida kiberjinoyatlarga qarshi kurashish boʻyicha oʻquv seminarlari oʻtkazilmoqda
2026-08-19 12:35:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining tegishli farmoyishiga asosan, Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish departamenti rahbariyati tomonidan Samarqand viloyatining barcha shahar va tuman hududiy boʻlinmalari rahbarlari hamda xodimlari uchun kasbiy bilim va amaliy koʻnikmalarni oshirishga qaratilgan oʻquv seminarlari oʻtkazildi.
Seminarlarda kiberjinoyatlarni aniqlash, ularning sodir etilish usullarini tahlil qilish va fosh etish, elektron qurilmalar va raqamli maʼlumotlar bilan ishlash, raqamli dalillarni aniqlash, yigʻish, saqlash hamda protsessual rasmiylashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, internetdagi firibgarlik, bank kartalari va elektron toʻlov tizimlari bilan bogʻliq jinoyatlar, ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlar orqali sodir etilayotgan huquqbuzarliklarni aniqlash va ularga qarshi samarali choralar koʻrish boʻyicha nazariy va amaliy mashgʻulotlar tashkil etildi.
Mashgʻulotlarda zamonaviy kibertahdidlar, jinoyat sodir etishning yangi usullari, raqamli izlarni aniqlash va tahlil qilish hamda kiberjinoyatlarni tergov qilishda ilgʻor tajribalardan foydalanish masalalari yoritildi.
Mazkur seminarlar xodimlarning kasbiy salohiyatini oshirish, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashishda yagona yondashuvni shakllantirish, tajriba almashish hamda raqamli jinoyatlarni oʻz vaqtida aniqlash va fosh etish samaradorligini yuksaltirishga xizmat qiladi.
IIV Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish departamenti



