Andijonda jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan ilmiy-amaliy tadqiqot loyihalari natijalari muhokama qilindi
2026-08-18 20:25:00 / Yangiliklar

Tadbirning birinchi masalasi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 24-iyuldagi 445-son qarori ijrosini taʼminlash yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot instituti tomonidan Andijon viloyatida amalga oshirilgan “Andijon viloyati jinoyatchiligini tadqiq qilish” hamda “Qasddan badanga yengil shikast yetkazish jinoyatining salbiy tendensiyalari va omillarini bartaraf etish” nomli ilmiy-amaliy tadqiqot loyihalari natijalari taqdim etildi va ularni amaliyotga joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Muhokama davomida mazkur loyihalar doirasida ilgari surilgan taklif va tavsiyalar, ilmiy tadqiqotlar davomida aniqlangan xulosalar hamda jinoyatchilikka taʼsir etuvchi omillar boʻyicha olingan natijalar amaliyot bilan uygʻunlashtirilgan holda tushuntirildi. Loyihalarda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amaliyotga joriy etish mexanizmlari va ulardan jinoyatchilikning oldini olishda samarali foydalanish usullari atroflicha muhokama qilindi.
Shuningdek, mazkur tadbir davomida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi “Mamlakat taraqqiyotining 2030-yilgacha moʻljallangan ustuvor yoʻnalishlari doirasida islohotlarni izchil davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-21-son Farmoni ijrosini taʼminlash, Ichki ishlar vazirining 2026-yil 17-iyulda tasdiqlangan 40/19-son reja-topshirigʻi doirasida belgilangan vazifalarni joylarda samarali tashkil etish boʻyicha amaliy seminar-trening oʻtkazildi.
Mashgʻulotda Andijon viloyati IIB sohaviy xizmat boshliqlarining oʻrinbosarlari, axborot-tahlil yoʻnalishidagi masʼul xodimlar ishtirok etdi. Shuningdek, shahar va tuman ichki ishlar organlarining shtab boshliqlari hamda tegishli oʻrinbosarlari videokonferensaloqa orqali tadbirga jalb etildi.
Seminar-treningda xodimlarga strategik rejalashtirish va tahlilning zamonaviy usullari – SWOT, PESTEL, stress-testing, ssenariy tahlili va boshqa yondashuvlardan foydalanish boʻyicha amaliy tushunchalar berildi. Mazkur usullar orqali hududdagi mavjud tahdid va imkoniyatlarni baholash, jinoyatchilikning ehtimoliy oʻsish nuqtalarini aniqlash, xavflarni oldindan baholash hamda mavjud resurslarni ustuvor yoʻnalishlarga maqsadli yoʻnaltirish masalalari koʻrib chiqildi.
Bundan tashqari, tadbirda Kriminologiya tadqiqot instituti tomonidan Andijon viloyatida kelgusi yillarda oʻsishi ehtimoli boʻlgan ayrim jinoyat turlari boʻyicha ilgari surilayotgan prognoz va tahliliy xulosalarga ham toʻxtalib oʻtildi. Mazkur prognozlardan strategik rejalarni shakllantirish, profilaktik chora-tadbirlarni oldindan belgilash va jinoyatchilikning ehtimoliy salbiy tendensiyalariga nisbatan taʼsirchan choralarni ishlab chiqishda foydalanish boʻyicha fikr almashildi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot instituti ilmiy xodimlari tomonidan ichki ishlar organlarida strategik rejalashtirish va rivojlantirish, belgilangan maqsadli koʻrsatkichlarga erishish, ularning ijrosini aniq natijalar asosida baholash hamda natijadorlikni taʼminlash boʻyicha tushuntirishlar berildi.
Muhokamalar yakunida ilmiy tadqiqot natijalarini amaliyotga keng joriy qilish, hududdagi kriminogen vaziyatni strategik tahlil qilish, aniqlangan muammolar va ehtimoliy xavflarni barvaqt aniqlash, jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan profilaktik choralarni kuchaytirish hamda kelgusi davr uchun ustuvor vazifalarni belgilash yuzasidan tegishli vazifalar belgilab olindi.
Tadbir yakunida ishtirokchilarning savollariga javob berildi, hududdagi mavjud muammolar va ularni bartaraf etish yuzasidan fikr-mulohazalar almashildi.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati









