“Xavfsiz va sogʻlom yurt” keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlari Mustaqilligimizning 35-yilligi arafasida yurtdoshlarimizni jinoyatchilikka qarshi kurashish yoʻlida birlashtirdi
2026-08-17 11:45:00 / Yangiliklar

Soʻnggi 45 kun davomida mamlakatimiz miqyosida oʻtkazilgan, markaziy shaharlardan tortib eng chekka hududlarni ham qamrab olgan “Xavfsiz va sogʻlom yurt” tezkor profilaktik tadbirlari xalqimizni jinoyatchilikka qarshi kurashish yoʻlida birlashtirdi.
Ichki ishlar organlari tizimida xizmat qilayotgan har bir saf boʻlinmasi vakili, mahalla profilaktika inspektori, tezkor-tergov tuzilmalarining ilmiy tahlil va qatʼiy hamkorlik asosidagi xizmati yoʻlga qoʻyildi.
Davlatimiz rahbari tomonidan bu borada belgilab berilgan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida masʼullar biriktirilgan hududda muntazam oʻrganish ishlarini olib borib, kriminogen vaziyati murakkab tumanlarda, jinoyatchilikni jilovlashga doir lokal yechimlar tatbiq etildi.
“Xavfsiz va sogʻlom yurt” tadbirlari doirasida jami 114 031 ta tezkor qidiruv tadbirlari oʻtkazilib, 11 363 ta jinoyatlar aniqlandi.
Sodir etilgan 6 915 ta jinoyatlar fosh etildi.
Qidiruvda yurgan 2 140 nafar shaxslar ushlanib, sud va tergov organlariga topshirildi.
Turli sabablar bilan bedarak yoʻqolgan 1 578 nafar shaxslar topilib, xavfsizligi taʼminlangan holda oilasi bagʻriga qaytarildi.
Giyohvandlik va psixotrop moddalar muomalasiga qarshi kurashish yoʻnalishida oʻtkazilgan 3 695 ta tezkor tadbirlar davomida 369 kg. giyohvandlik moddalar, 66 ming dona psixotrop dori vositalari olindi.
Vertolyot va dron yordamida aniqlangan 44 919 tup giyohvandlik oʻsimliklari yoʻq qilindi.
Internet orqali 122 nafar giyohvandlik vositalarini koʻmib tarqatayotgan shaxslar ushlanib, ular tomonidan chizilgan 381 ta narkograffitilar oʻchirildi.
Tezkor qidiruv tadbirlari bilan bir qatorda targʻibot va tushuntirish ishlariga ham alohida urgʻu berilib, yoshlar oʻrtasida giyohvandlikning salbiy oqibatlari batafsil tushuntirib berildi.
Bu borada sogʻliqni saqlash tashkilotlari va tibbiyot xodimlari bilan uzviy hamkorlikda ish tashkil etildi.
“Xavfsiz va sogʻlom yurt” oyligi davomida narkojinoyatlar urugʻini sochish uchun birlashgan jinoyatchilar, uyushgan guruhlarning noqonuniy faoliyatiga chek qoʻyish, ular tomonidan tashkil etilgan narkolaboratoriyalarni aniqlash va yoʻq qilish boʻyicha ham qatʼiy chora-tadbirlar belgilandi.
Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish yoʻnalishida 3 588 ta jinoiy holatlar aniqlandi.
Jinoiy guruh va shaxslardan 6 dona pistolet, 269 dona ov quroli, 15 dona qoʻlbola usulda yasalgan va 366 dona pnevmatik qurollar hamda 10 430 dona oʻq-dorilar olindi.
Maʼlumki, soʻnggi vaqtlarda giyohvandlik vositalarini internet orqali tarqatish, ayniqsa yoshlarni bu jinoyat toʻriga jalb etish ommalashib bormoqda.
Bu kabi xavflarni oldindan aniqlash hamda aholining daromadlari, onlayn mablagʻlari xavfsizligini taʼminlash maqsadida kelib tushayotgan har bir murojaat oʻrganilib, internetda oʻtkazilgan monitoringlar tahlil qilinmoqda.
Kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha tadbir boshidan jami 438 ta kiberjinoyat aniqlanib, fosh etilmagan kiberjinoyatlarning 3 140 tasi fosh etilishi taʼminlandi va fuqarolarga yetkazilgan 3 mlrd 564 mln soʻm zarar undirildi.
Jinoyatlarning salbiy oqibatlarini tushuntirish birinchi navbatda mahalla faollari miqyosida olib borildi.
Kriminogen ogʻir, bir necha yillar davomida “qizil” toifada boʻlgan mahallalarga Ichki ishlar vazirligidan masʼullar biriktirilib, muammolar tizimli ravishda oʻrganildi.
Buning natijasida qisqa fursatda mahalla jinoyatchiligini oldini olish boʻyicha yuqori koʻrsatkichlarga erishilmoqda.
Toshkent viloyatining Zangiota tumanida ham bir nechta mahallalar “qizil” toifadan chiqarildi.
Soʻnggi 3 yil mobaynida “qizil” toifada boʻlgan “Navbahor” mahallasi ham ayni vaqt “yashil” toifada qayd etildi.
Taʼkidlash joizki, respublikamizdagi barcha mahallalarda xavfsiz muhitni yaratishda ijtimoiy profilaktikaga alohida ahamiyat qaratilmoqda.
380 300 nafar shaxslarga ijtimoiy profilaktik muammolar boʻyicha xulosalar berilib, ularning 341 613 nafarining muammosi hal etildi.
38 194 nafar ayollarga himoya orderi berilgan boʻlsa, 26 138 nafar uzoq muddatdan soʻng chet mamlakatlardan yashash manziliga qaytgan fuqarolar oʻrtasida tegishli profilaktik oʻrganishlar olib borildi.
Shu bilan birga hududlarda jinoyatlarning aksariyat qismi tungi vaqtlarda sodir etilayotganligini inobatga olib, xizmat hududlari boʻyicha qoʻshimcha kuch-vositalar jalb etildi.
Bu oʻz oʻrnida tigʻli jism bilan sodir etiladigan huquqbuzarliklarni oldini olishga xizmat qilmoqda.
Jamoat xavfsizligini taʼminlash maqsadida koʻcha va jamoat joylarida qoʻshimcha 262 ta patrullik va 254 ta hamkor yoʻnalishlari faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Naryadlar tomonidan 25 278 ta tigʻli buyum olib yurish bilan bogʻliq holatlar aniqlandi.
Tigʻli buyumlarni noqonuniy ravishda olib yurishga chek qoʻyish, giyohvandlik vositalarining aylanmasiga qarshi kurashishda muntazam Yoʻl-patrul xizmati maskanlarida ham faol ish tashkil etildi.
Har bir qoʻpol qoidabuzarlik Yoʻl-patrul xizmati inspektorlari tomonidan nazoratga olinib, kelib chiqishi mumkin boʻlgan salbiy oqibatlarning oldi olinmoqda.
Bundan tashqari, “Ravon yoʻl” hamda “Yoʻl – piyoda uchun” tamoyillari asosida piyoda va haydovchilarning xotirjam harakatlanishlari uchun zamonaviy yoʻl infratuzilmasi yaratilmoqda.
Yoʻl harakati xavfsizligi yoʻnalishida soʻnggi 45 kunda 360 094 ta qoʻpol qoidabuzarliklar aniqlanib, 155 226 ta transport vositalari vaqtincha jarima maydoniga joylashtirildi.
Yoʻllarga qoʻshimcha 75 134 yoʻl belgilari oʻrnatilib, 274 000 kv.m yoʻl chiziqlari chizildi.
Fuqarolar uchun osoyishta muhit, barqaror tadbirkorlik uchun xavfsiz shart-sharoitlarda, mol-mulk daxlsizligidan xotirjam ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatishni taʼminlash maqsadida Qoʻriqlash xizmatida zamonaviy xavfsizlik tizimlari joriy etilmoqda.
IIV Qoʻriqlash departamenti tomonidan 21 859 ta xonadon va 12 768 ta savdo hamda boshqa turdagi obyektlar texnik qoʻriqlovga olindi.
3 815 ta koʻp qavatli uylarning kirish yoʻlaklariga tashvish tugmalari oʻrnatilib, 111 026 ta tashvish xabarlari boʻyicha tezkor harakatlanuvchi guruhlarning oʻz vaqtida yetib borishi taʼminlandi.
“Xavfsiz va sogʻlom yurt” tadbirlari mana shunday har bir yoʻnalishni qamrab olganligi bilan ham ahamiyatlidir.
Pirovardida esa davlatimiz rahbari tomonidan belgilangan aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik illatidan munosib muhofaza qilishdek oliy maqsad turibdi.
Ona Vatanimizning har bir mahallasini, har bir koʻchasini jinoyatdan xoli hududga aylantirish orqali aholi farovonligini oshirishga hissa qoʻshish oldimizda turgan eng muhim vazifa sanaladi.
Bu yoʻlda Yangi Oʻzbekiston ichki ishlar organlari barcha huquqni muhofaza qilish idoralari bilan hamkorlikda oʻz xizmat vazifasini samarali va sadoqat bilan davom ettiradi.
IIV Axborot xizmati








