Ayol va jamiyat. Umid va ishonch tutashgan manzil
2026-08-15 16:45:00 / Yangiliklar

Oila tinch boʻlsa, mahalla va yurtda osoyishtalik qoʻnim topadi. Ana shu zanjirning eng nozik, ammo eng muhim halqasi — xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning dardini eshitish va muammosiga oʻz vaqtida yechim topish. Sherobod tumani IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlimi xotin-qizlar masalalari boyicha katta inspektori, kapitan Surayyo Xudoyqulova hamda mahallalardagi xotin-qizlar faollari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarni ana shu ezgu maqsadning amaliy ifodasi, deyish mumkin.
Xotin-qizlar masalalari boʻyicha inspektori eng avvalo, muammoning ildizini topishi, tegishli tashkilotlarni bir maqsad atrofida birlashtirishi va insonni muammo bilan yolgʻiz qoldirmasligi lozim. Buning amaliy natijasini raqamlar ham tasdiqlaydi. Joriy yilning olti oyida 43888 ta xonadon xatlovdan oʻtkazildi. Har bir xonadonga kirib borish orqali oilalarning ijtimoiy ahvoli, bandligi, sogʻligʻi, huquqiy ehtiyojlari va boshqa muammolari oʻrganildi. Bu jarayonda 5798 nafar ehtiyojmand xotin-qiz aniqlanib, «Ayollar daftari»ga kiritildi.
Eʼtiborlisi, mazkur tizimda asosiy maqsad roʻyxatni koʻpaytirish emas, balki undan chiqarishdir. Yaʼni ayolning muammosi hal etilsa, u davlat koʻmagiga muhtoj toifadan mustaqil hayot kechiradigan insonga aylanadi. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, bandlikni taʼminlash eng samarali profilaktika choralaridan biri hisoblanadi. Daromad manbayi bor insonning ertangi kunga ishonchi mustahkam boʻladi. Ishsizlik esa aksariyat hollarda oilaviy kelishmovchiliklar, nizolar va hatto ayrim huquqbuzarliklarning ilk sabablaridan biriga aylanadi.
Tumanda ijtimoiy himoyaga muhtoj deb topilgan 3224 nafar xotin-qizdan 1785 nafarining ish bilan taʼminlangani bejiz emas. Bu yuzlab oilalarda moddiy barqarorlik tiklanganini, farzandlar taʼlimi va oila muhiti yaxshilanganini anglatadi.
«Ayollar daftari»ning ikkinchi toifasiga kiritilgan 124 nafar xotin-qiz tadbirkorlik faoliyatini boshlash yoki kengaytirish istagini bildirgach, ulardan 47 nafariga imtiyozli kredit ajratilishiga koʻmaklashildi. Uy-joyini taʼmirlashga muhtoj boʻlgan 55 nafar xotin-qiz aniqlanib, ularning barchasi boʻyicha tegishli dalolatnomalari rasmiylashtirilib, qurilish materiallari ajratish ishlari amalga oshirilmoqda.
- Oilaviy nizolarning aksariyati ruhiy tushkunlik, stress yoki uzoq vaqt yechim topmagan ijtimoiy muammolar oqibatida kelib chiqadi, — deydi kapitan Surayyo Xudoyqulova. — Shu sababli tibbiy va psixologik yordamga muhtoj deb topilgan xotin-qizlardan 1498 nafariga tibbiy va psixologik xizmatlar koʻrsatildi. Amaliyotda psixolog maslahati orqali ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalarning saqlab qolingani, uzoq vaqt muloqot qilmagan oila aʼzolarining yarashgani kabi holatlar ham bor.
Koʻplab xotin-qizlar aliment, meros, nikoh, ajrim yoki mulkiy munosabatlar boʻyicha oʻz huquqlarini toʻliq bilmaydi. Joriy yilda huquqiy yordamga muhtoj boʻlgan 293 nafar xotin-qiz roʻyxatga olinib, ularning 182 nafariga huquqiy maslahat va amaliy yordam koʻrsatildi. Qolaversa, 236 nafar jabrlangan xotin-qizga himoya orderi berildi. Himoya orderlari orqali ogʻir oqibatlarning oldi olinmoqda.
Eng muhimi, bugun ichki ishlar organlari har bir murojaatga huquqiy hujjat sifatida emas, inson taqdiri sifatida yondashmoqda. Zero, bir ayolning koʻnglida paydo boʻlgan ishonch — butun bir oilaning kelajagini saqlab qolishi mumkin.
Feruza Rahmonqulova, oʻz muxbirimiz. “Postda”
Surxondaryo viloyati
