“Eng yaxshi hududiy ichki ishlar organi boshligʻi” respublika tanlovi: ishtirok etish tartibi, bosqichlari va ragʻbatlantirish mezonlari
2026-08-15 16:20:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 24-avgustdagi “Ichki ishlar organlarida eng yaxshi xodimlarni aniqlash boʻyicha respublika tanlovini tashkil etish chora – tadbirlari toʻgʻrisida”gi 539 – son Qarori talablariga koʻra, joriy yilning avgust oyi yakuniga qadar hududiy ichki ishlar organlari boshliqlari oʻrtasida koʻrik – tanlovning hududiy bosqichi, sentyabr oyi yakuniga qadar esa respublika bosqichi oʻtkaziladi.
Ichki ishlar organlarida eng yaxshi xodimlarni aniqlash boʻyicha respublika tanlovining tashkiliy qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — tashkiliy qoʻmita) tomonidan har yili iyun-iyul oylari davomida tanlov oʻtkazilishi haqida IIVning «www.iiv.uz» rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlarida eʼlon beriladi.
Tanlovda ishtirok etish uchun nomzodlar IIVning «www.iiv.uz» rasmiy veb-sayti orqali mazkur Nizomning 8-bandida nazarda tutilgan muddat davomida roʻyxatdan oʻtadi.
Tanlov har yili 1-avgustdan 30-sentyabrga qadar quyidagi bosqichlarda oʻtkaziladi:
hududiy saralash bosqichi — avgust oyida IIV markaziy apparati, uning tarkibiy va hududiy boʻlinmalari xodimlari oʻrtasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri miqyosida;
respublika final bosqichi — sentyabr oyida hududiy saralash bosqichida gʻolib boʻlgan xodimlar oʻrtasida respublika miqyosida.
“Eng yaxshi hududiy ichki ishlar organi boshligʻi” nominatsiyasi boʻyicha — hududiy ichki ishlar organi boshligʻi lavozimida xizmat qilayotgan hamda mazkur lavozimda kamida ikki yil amaliy ish tajribasiga ega rahbar xodimlar qatnashadi.
Tanlovdan asosiy maqsad quyidagilardan iborat:
ichki ishlar organlari xodimlari ongi va qalbida “Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish — oliy burchimiz!” konseptual gʻoyasini mustahkamlash, ularda vatanparvarlik va yurt taqdiriga daxldorlik hislarini kuchaytirish;
yuksak bilimli va professional kasb mahoratiga ega boʻlgan isteʼdodli yosh kadrlarni aniqlash hamda rahbarlik lavozimlariga tayinlash maqsadida istiqbolli kadrlar zaxirasini shakllantirish.
Tanlovning respublika bosqichi gʻoliblari bir oylik pul taʼminotining 50 foizi miqdorida, ikkinchi va uchinchi oʻrinlarni egallagan xodimlar tegishlicha bir oylik pul taʼminotining 20 va 10 foizi miqdorida bir yil davomida moddiy ragʻbatlantiriladi;
tanlovning respublika bosqichi gʻoliblari va sovrindorlari har yili “25-oktyabr — Ichki ishlar organlari xodimlari kuni” munosabati bilan oʻtkaziladigan asosiy bayram tadbirida tantanali ravishda eʼlon qilinadi.
