Toshkent viloyatida kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish va kiberxavfsizlik sohasida hamkorlik mustahkamlanmoqda
2026-08-15 14:10:00 / Yangiliklar

Xususan, Toshkent viloyati IIBB, viloyati Prokuraturasi va “Cyber University” davlat universiteti oʻrtasida hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan Memorandum va unga ilova etilgan Qoʻshma dastur tasdiqlandi.
Mazkur kelishuv zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etilayotgan jinoyatlarga qarshi kurashish samaradorligini oshirish, kiberxavfsizlik sohasida malakali mutaxassislar tayyorlash hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar va taʼlim muassasasi oʻrtasida amaliy hamkorlikni yoʻlga qoʻyishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Memorandum doirasida “Cyber University” talabalari uchun Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasining tegishli boʻlinmalarida, xususan, Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasida amaliyot oʻtash imkoniyatlari yaratilishi belgilangan. Shuningdek, ichki ishlar organlari xodimlarining malakasini oshirish, raqamli texnologiyalar bilan ishlash va kiber tahlil sohasida zamonaviy usullarni oʻzlashtirishda universitet imkoniyatlaridan foydalanish koʻzda tutilgan.
Hamkorlikning yana bir muhim yoʻnalishi — aholi, ayniqsa, yoshlar va keksalar oʻrtasida kiberjinoyatlardan himoyalanish, kibergigiena va kiber madaniyatni oshirishga qaratilgan targʻibot tadbirlarini birgalikda amalga oshirishdir.
Shu bilan birga, kelishuv doirasida doirasida yuridik klinika tashkil etish, kiberxavfsizlik laboratoriyasini yaratish hamda talabalarning huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyati bilan yaqindan tanishishi uchun amaliy imkoniyatlar yaratish rejalashtirilgan.
Tomonlar mazkur hamkorlik kelgusida kiberjinoyatchilikning oldini olish va unga qarshi kurashish, sohada zamonaviy bilim va amaliy koʻnikmalarga ega kadrlarni tayyorlash hamda aholining kiber madaniyatini yuksaltirishda muhim natijalar berishini taʼkidladilar.
Mazkur Memorandum huquqni muhofaza qiluvchi organlar va taʼlim muassasasi oʻrtasidagi hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berib, kiberxavfsizlik sohasida kadrlar salohiyatini oshirish va raqamli jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Toshkent viloyati IIBB Axborot xizmati



