IIV rahbariyati tomonidan IIV huzuridagi “Dinamo” jismoniy tarbiya va sport jamiyati Jizzax viloyati kengashi binosida olib borilayotgan taʼmirlash ishlarini koʻzdan kechirildi
2026-08-15 00:05:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, general-mayor Baxodir Mirzaraximovning Jizzax viloyatida huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishuvi davom etmoqda.
Navbatdagi oʻrganish viloyat IIB Kiberxavfsizlikka qarshi kurashish boshqarmasida oʻtkazildi. Unda kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish, uning oldini olish, shuningdek, axborot texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etilayotgan jinoyatlarni barvaqt aniqlash va ularga qarshi samarali choralar koʻrish borasidagi ishlar oʻrganildi.
Soha mutasaddilari tomonidan kiberxavfsizlik yoʻnalishida amalga oshirilayotgan ishlar, erishilgan natijalar hamda kelgusidagi vazifalar yuzasidan taqdimot oʻtkazildi. Shu bilan birga, boshqarma xodimlari uchun yaratilgan xizmat sharoitlari koʻzdan kechirildi.
Oʻrganish yakunida kiberjinoyatchilikning oldini olish, bunday jinoyatlarni barvaqt aniqlash va ularga qarshi kurashish samaradorligini oshirish, soha xodimlarining kasbiy salohiyatini yanada mustahkamlash boʻyicha masʼullarga tegishli vazifalar belgilab berildi.
Shuningdek Jizzax viloyatidagi xizmat safari davomida Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, general-mayor Baxodir Mirzaraximov IIV huzuridagi “Dinamo” jismoniy tarbiya va sport jamiyati Jizzax viloyati kengashi binosida olib borilayotgan taʼmirlash ishlarini koʻzdan kechirdi.
Oʻrganish jarayonida obyektda bajarilayotgan ishlar sifati, taʼmirlash surʼati hamda loyihada belgilangan vazifalar ijrosiga alohida eʼtibor qaratildi. Masʼullarga qurilish meʼyorlari va texnik talablarga qatʼiy rioya qilish, taʼmirlash ishlarini sifatli tashkil etish hamda binolarni zamonaviy talablar asosida jihozlash boʻyicha aniq vazifalar belgilab berildi.
Bunda ichki ishlar organlari xodimlarining sport bilan muntazam shugʻullanishi uchun zarur sharoitlarni yaratish, sport infratuzilmasidan samarali foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish muhim vazifalardan biri ekani qayd etildi.
Xususan, Jizzax shahridagi “Yashil jamoat bogʻi” hududida barpo etilayotgan amfiteatr qurilishi jarayoni koʻzdan kechirildi.
Masʼullar tomonidan obyektda olib borilayotgan qurilish ishlari, ularning borishi hamda belgilangan vazifalar ijrosi haqida axborot berildi. Mazkur jarayonda qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishda xavfsizlik qoidalariga qatʼiy rioya qilish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Shuningdek, obyekt foydalanishga topshirilganidan soʻng ommaviy tadbirlar vaqtida jamoat xavfsizligini taʼminlash choralarini oldindan belgilab olish zarurligi taʼkidlandi.
Shu maqsadda obyekt hududi va unga tutash joylarga kuzatuv kameralarini oʻrnatish boʻyicha masʼullarga tegishli koʻrsatmalar berildi.
Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, general-mayor Baxodir Mirzaraximovning Jizzax viloyatidagi xizmat safari davomida Sh. Rashidov tumani Kuyovboshi mahallasida ichki ishlar organlari xodimlari uchun barpo etilgan yakka tartibdagi uy-joylarda yaratilgan sharoitlar ham oʻrganildi.
Tashrif chogʻida uy-joylarning holati, xodimlar va ularning oila aʼzolari uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishildi.
Shuningdek, mazkur hududda qurilishi davom etayotgan mehmonxona va maktabgacha taʼlim tashkiloti obyektlaridagi ishlar, shuningdek, hududni obodonlashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar koʻzdan kechirildi.
Masʼullarga qurilish ishlarini sifatli va belgilangan muddatlarda yakunlash, hududni obodonlashtirish ishlarini izchil davom ettirish hamda xodimlar uchun munosib ijtimoiy-maishiy sharoitlarni taʼminlash boʻyicha tegishli koʻrsatmalar berildi.
Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash Departamenti Axborot guruhi



