Jizzax viloyatida “Xavfsiz va sogʻlom yurt” tadbiri doirasida profilaktik ishlar tahlil qilinib, aniq vazifalar belgilab berildi
2026-08-13 14:45:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, general-mayor Baxodir Mirzaraximov Jizzax viloyatiga xizmat safari davomida “Xavfsiz va sogʻlom yurt” tezkor-profilaktik tadbiri doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Viloyat ichki ishlar boshqarmasida masʼul rahbarlarning axborotlari eshitilib, hududlardagi kriminogen vaziyat, huquqbuzarliklarning oldini olish va ularni keltirib chiqarayotgan sabablarni bartaraf etish borasidagi ishlar tahlil qilindi.
Qayd etilishicha, tadbir doirasida mahallalarda profilaktik ishlarni manzilli tashkil etish, jamoat joylarida xavfsizlikni kuchaytirish, aholi bilan bevosita muloqotlarni yoʻlga qoʻyish hamda mavjud muammolarni oʻz vaqtida aniqlashga alohida eʼtibor qaratilgan. Ayniqsa, yoshlar oʻrtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, ularning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish va sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish boʻyicha profilaktik ishlar kuchaytirilmoqda.
Vazir oʻrinbosari profilaktik tadbirlarni umumiy emas, balki har bir hududdagi aniq vaziyatdan kelib chiqib tashkil etish, ehtimoliy xavflarni oldindan aniqlash va ularni bartaraf etish boʻyicha masʼullarga tegishli koʻrsatmalar berdi.
Shuningdek, aholi bilan yaqin hamkorlikni kuchaytirish, xizmat intizomi va qonuniylik talablariga qatʼiy rioya etish muhimligi taʼkidlandi.
“Xavfsiz va sogʻlom yurt” tadbiri doirasida Jizzax viloyatidagi profilaktik chora-tadbirlar izchil davom ettirilib, asosiy eʼtibor huquqbuzarliklarning oqibati bilan emas, balki ularni keltirib chiqaruvchi sabablar bilan kurashishga qaratilmoqda.
Jizzax viloyati IIB Axborot xizmati



