Guliston shahrida Sirdaryo viloyati IIB boshlig'ining sayyor qabuli tashkil etildi
2026-08-13 13:10:00 / Yangiliklar

Fuqarolarning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish, ularni qiynayotgan muammolarni oʻz vaqtida aniqlash hamda ularga tezkor yechim topish bugungi kunda Sirdaryo viloyati Ichki ishlar organlari faoliyatining muhim yoʻnalishlaridan biridir.
Shu maqsadda Sirdaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, polkovnik Farrux Xaydarovning Guliston shahar “Obod yurt” mahallasida navbatdagi sayyor qabuli tashkil etildi.
Unda mahalla faollari, fuqarolar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari hamda tegishli soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Qabul davomida aholi vakillari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligi hamda pasport olish, yoʻl qatnov qismlariga sunʼiy notekisliklar oʻrnatish, profilaktika hamda hududdagi daraxt va butalarni tartibga keltirish kabi 12 ta masalalarda amaliy yordam soʻraldi.
Bildirilgan murojaatlar yuzasidan joyida masʼul rahbarlar va mutasaddi tashkilotlar vakillariga tegishli topshiriqlar berilib, shu vaqtning oʻzida ijobiy hal qilish imkoni mavjud boʻlgan masalalar yuzasidan amaliy ishlar boshlab yuborildi. Qoʻshimcha oʻrganish va muddat talab etadigan murojaatlar yuzasidan aniq muddat va masʼullar belgilanib, ijrosi alohida nazoratga olindi.
Aholi bilan ochiq va bevosita muloqotni yoʻlga qoʻyish, fuqarolarning murojaatlarini oʻrganish hamda ularga tezkor yechim topishga qaratilgan bunday sayyor qabullar hududlarda davom etmoqda.
Sirdaryo viloyati IIB Axborot xizmati



