IIV Tibbiyot muassasalarida. Shifo va mehr maskani
2026-08-13 08:25:00 / Yangiliklar

Samarqand viloyati IIB Tibbiyot gospitalida zamonaviy tibbiy xizmatlarni tashkil etish, bemorlar uchun munosib sharoit yaratish va xizmat koʻrsatish sifatini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Muassasada aniq tashxis qoʻyish, davolash va samarali reabilitatsiya muolajalari yoʻlga qoʻyilgan.
Muassasada osoyishtalik posbonlari hamda ularning oila aʼzolari salomatligini mustahkamlash bilan birga, soha ravnaqiga munosib hissa qoʻshgan faxriylarga ham tibbiy xizmatlar koʻrsatilishi ijtimoiy himoyaning amaliy ifodasidir.
Isteʼfodagi serjant Ergash Saidqulov ichki ishlar organlarida 25 yil xizmat qilgan. Hozir u gospitalda salomatligini tiklamoqda.
- Kelganimga oʻn kun boʻldi. Bu yerga hansirash, yurak bezovtaligi va qon bosimi koʻtarilishi bilan murojaat qilgandim, — deydi faxriy. — Zarur dori-darmonlar va muolajalar tufayli hozir oʻzimni ancha yaxshi his qilyapman, hatto zinalardan bemalol chiqyapman. Belimdagi ogʻriqlar ham chekindi. Biz, soha faxriylariga koʻrsatilayotgan yuksak eʼtibor va gʻamxoʻrlikdan chin dildan quvonamiz.
Salomatlikni asrash yoʻlidagi bunday ezgu saʼy-harakatlar xodimlarning sharafli xizmatini qadrlash va ularni qoʻllab-quvvatlashga xizmat qiladi. Samarqand viloyati IIB Tibbiyot gospitali jamoasi ana shu olijanob maqsad yoʻlida fidokorona mehnat qilmoqda.
© “Postda” gazetasi, Umida MAMADALIYEVA, Samarqand viloyati.
