Ichki ishlar vazirligi rahbariyati Navoiy viloyatida IIBda xizmat safarida boʻlib, tashrif doirasida “Xavfsiz va sogʻlom yurt“ tezkor profilaktik tadbiri doirasida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi
2026-08-12 11:10:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, general-mayor Mirzaraximov Baxodir Yuldoshevich xizmat safari bilan Navoiy viloyatida boʻlib, viloyat ichki ishlar boshqarmasida jamoat xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va aholi osoyishtaligini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.
Tashrif davomida “Xavfsiz va sogʻlom yurt” tezkor-profilaktik tadbiri doirasida viloyat hududida olib borilayotgan keng qamrovli chora-tadbirlar atroflicha oʻrganildi. Xususan, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, ularni sodir etishga sabab boʻlayotgan omillarni aniqlash va bartaraf etish, aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilishga qaratilgan profilaktik ishlar tahlil qilindi.
Mazkur tadbir doirasida mahallalarda osoyishtalikni taʼminlash, jamoat joylarida xavfsizlikni kuchaytirish, fuqarolar bilan manzilli profilaktik muloqotlarni yoʻlga qoʻyish, ayniqsa, yoshlar bilan ishlash samaradorligini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Tashrif jarayonida ichki ishlar organlari xodimlarining xizmat faoliyati ham koʻzdan kechirilib, hududdagi tezkor vaziyatni barqaror saqlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va jamoat tartibini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan masʼul rahbarlarning hisobotlari tinglandi.
Vazir oʻrinbosari tomonidan profilaktik tadbirlarni sifatli va manzilli tashkil etish, har bir hududda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xavflarni oldindan aniqlash, aholi bilan yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻyish hamda xizmat intizomiga qatʼiy rioya etish yuzasidan tegishli koʻrsatma va tavsiyalar berildi.
Ayniqsa, fuqarolarning tinchligi va osoyishtaligini taʼminlash, jinoyatchilikka qarshi kurashishda profilaktika choralarining samaradorligini oshirish, huquqbuzarliklarning oqibati bilan emas, balki uni keltirib chiqaruvchi sabablar bilan kurashish muhim vazifa ekani taʼkidlandi.
“Xavfsiz va sogʻlom yurt” — bu, avvalo, inson qadri, uning tinchligi va farovon hayotini taʼminlashga qaratilgan ezgu maqsaddir. Shu bois Navoiy viloyatida ushbu yoʻnalishda amalga oshirilayotgan profilaktik tadbirlar izchil davom ettirilib, jamoat xavfsizligini taʼminlashning zamonaviy va samarali usullari keng tatbiq etilmoqda.
Zero, yurt tinchligi — xalq farovonligining, xavfsiz va sogʻlom muhit esa barqaror taraqqiyotning eng muhim garovidir.
Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash Departamenti Axborot guruhi



