Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati tomonidan hududlarda bayramga tayyorgarlik jarayonlari oʻrganilmoqda
2026-08-12 09:55:00 / Yangiliklar

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi boshchiligida joylarda Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35-yillik bayram tadbirlariga tayyorgarlik koʻrish hamda jamoat xavfsizligini taʼminlash holati oʻrganilmoqda. Dastlabki oʻrganishlar Buxoro tumanida olib borilib, tumanning Markaziy oʻyingohida bayramga tayyorgarlik holati tanqidiy koʻzdan kechirildi. Hududda obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish, xavfsizlik masalasi taʼminlash va mustaqillik bayramini aks ettiruvchi peshlavha oʻrnatish boʻyicha masʼullarga aniq vazifalar belgilab berildi.
Oʻrganish ishlari Vobkent tumanida davom ettirilib, u yerda tuman hokimi va barcha mutasaddi tashkilot rahbarlari ishtirokida Markaziy oʻyingohda maxsus yigʻilish oʻtkazildi. Tadbirda bayramni koʻtarinki ruhda tashkil etish va munosib tayyorgarlik koʻrish, xavfsizlikni toʻliq taʼminlash yuzasidan topshiriqlar berildi. Gʻijduvon tumanida esa bayram tadbirlari Madaniyat markazida oʻtkazilishi rejalashtirilgan boʻlib, mazkur jarayonga tayyorgarlik koʻrish ishlari boʻyicha masʼullarga batafsil tushuntirishlar va koʻrsatmalar berildi.









