Aholi bilan bevosita va ochiq muloqot qilish, fuqarolarni qiynab kelayotgan dolzarb muammolarni aniqlash, ularni joyida bartaraf etish maqsadida sayyor qabul tashkil etildi
2026-08-10 14:45:00 / Yangiliklar

Sayyor qabulda Oʻzbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Migratsiya va personallashtirish departamenti boshligʻining birinchi oʻrinbosari, polkovnik U.A.Mirzaqambarov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlash, ular boʻyicha aniq natijalarga erishish bugungi kunda barcha davlat organlari, xususan, ichki ishlar organlari oldida turgan eng muhim vazifalardan biri ekanligini taʼkidladi.
Shuningdek, Davlatimiz rahbari tomonidan aholi bilan bevosita va ochiq muloqotni yoʻlga qoʻyish, fuqarolarning kundalik hayotida uchrayotgan muammolarni chuqur oʻrganish, yechimini kutayotgan masalalarni joyida va oʻz vaqtida hal etish, murojaatlar bilan ishlashda formal yondashuvga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha aniq vazifalar belgilab berilgani qayd etildi.
Qabul jarayonida fuqarolarning ichki ishlar organlari faoliyati bilan bogʻliq sohalarga oid murojaatlarini tinglash, har bir murojaat yuzasidan murojaatchilarning fikr va takliflarini atroflicha oʻrganish, murojaatlarning kelib chiqish sabablarini tahlil qilish hamda ularni bartaraf etishga qaratilgan aniq va manzilli chora-tadbirlar belgilash zarurligi alohida taʼkidlab oʻtildi.
Shundan soʻng, Departament boshligʻining birinchi oʻrinbosari tomonidan qabulga kelgan fuqarolar bilan ularning muammolari yuzasidan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot oʻtkazish jarayoni boshlanib, aholi tomonidan koʻtarilgan masalalar, xususan, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergov, ekspert-kriminalistika faoliyati, huquqiy statistika va tezkor-hisob maʼlumotlari, shuningdek, migratsiya va personallashtirish hamda boshqa masalalar yuzasidan murojaatlar qabul qilindi va ularni tezkorlik bilan qonuniy hal etish boʻyicha masʼullarga aniq koʻrsatmalar berilib, ijrosi alohida nazoratga olindi.
Qabul davomida, jami 15 nafar fuqarolarning 15 ta murojaatlari oʻrganildi. Murojaatlarning 2 tasi Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini olinishi, 1 tasi chet el fuqarosining Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashash guvohnomasini rasmiylashtirish, 1 tasi chet el fuqarosining Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini olishda huquqiy maʼlumot olish, 2 tasi Oʻzbekiston fuqarosining xorijga chiqish pasporti olinishida turli idoralar tomonidan qoʻyilgan taqiqlarni yechilishida va xorijga chiqish pasportini olish yuzasidan, 8 tasi ID-karta olishda amaliy yordam soʻrab va 1 tasi ichki ishlar organlariga oid boshqa masalalarni tashkil etadi.
Kelib tushgan murojaatlarning 10 tasi yoki 85 foizi shu joyning oʻzida qanoatlantirildi. Qolgan 5 ta murojaat yoki 15 foizi qoʻshimcha oʻrganish talab etganligi sababli ijroga yoʻnaltirilib, oʻz vaqtida va xolisona koʻrib chiqilishi nazoratga olindi.
Aholi bilan oʻtkazilgan ochiq muloqot davomida koʻtarilgan dolzarb muammolarni hududlar va masalalar kesimida puxta tahlil qilish, ularni kelib chiqishiga sabab boʻlayotgan omillarni aniqlash va bartaraf etishga qaratilgan manzilli chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan vazifalar belgilab berildi.
IIV huzuridagi Migratsiya va personallashtirish departamenti Axborot guruhi




