Yelkama-yelka. Aka-singil surishtiruvchilar bir soha, bir yoʻnalish, bir xil masʼuliyat
2026-08-09 13:20:00 / Yangiliklar

Baʼzan shunday voqealar boʻladiki, ularni eshitib xuddi kino ssenariysiga duch kelgandek boʻlasiz. Bu safargi hikoyamiz toʻqima emas, balki aynan bugungi hayotimizdan olingan voqelikdir.
Sizga bir oilada tugʻilib oʻsgan, keyinchalik bir oliy oʻquv dargohida tahsil olib, bugungi kunda bir tizimda yelkama-yelka xizmat qilayotgan aka-singil leytenantlar — Abdukabir Murodaliyev va Osiyo Murodaliyeva haqida hikoya qilmoqchimiz.
Abdukabir va Osiyo — oddiy oila farzandlari. Otasi haydovchilik kasbi orqali farzandlariga halollik va masʼuliyatni oʻrgatgan boʻlsa, onasi oʻqituvchi sifatida yuzlab yoshlar qatori, oʻz farzandlarining ham qalbiga bilimga ishtiyoq va vatanparvarlik tuygʻularini singdirdi. Samimiy oilaviy muhitda voyaga yetgan aka-singil bolalikdanoq forma kiyish va osoyishtalik posboni boʻlish orzusi bilan ulgʻaydi.
Eʼtiborli jihat — aka-singilning hayot yoʻlidagi takrorlanmas mutanosiblik. IIV Akademiyasiga oʻqishga kirish qanchalik mushkul va raqobatli ekanini koʻpchilik yaxshi biladi. Lekin ular bir vaqtning oʻzida ushbu nufuzli dargohga oʻqishga kirib, bir kursda oʻqidi. Tahsil davomida bir-biriga suyanch boʻlishdi. Ikkalasi ham oʻtgan yili Akademiyani muvaffaqiyatli tamomlab, «leytenant» maxsus unvonini oldi.
Abdukabir xizmat faoliyatini Angren shahar IIB Jinoyat qidiruv boʻlimida boshlab, tezkor-qidiruv tadbirlarida chiniqdi. Osiyo esa ilk xizmat faoliyatini voyaga yetmaganlar boʻyicha inspektor sifatida boshladi. Yoshlar bilan ishlash, ular oʻrtasida huquqbuzarliklarning oldini olish borasida tajriba va koʻnikmasini oshirdi. Bu dastlabki bosqich ikkala yosh xodim uchun ham kelgusidagi yanada masʼuliyatli vazifalarga tayyorgarlik maktabi boʻldi.
Bugungi kunda Angren shahar IIB huzuridagi Tergov boʻlimida kamdan-kam uchraydigan holat kuzatilmoqda. Aka — leytenant Abdukabir Murodaliyev katta surishtiruvchi lavozimida xizmat qilayotgan boʻlsa, uning singlisi — leytenant Osiyo Murodaliyeva surishtiruvchi sifatida faoliyat yuritmoqda.
Tasavvur qiling-a: bir oilaning ikki vakili, bir soha, bir yoʻnalish va bir xil masʼuliyat!
Jinoyat tafsilotlarini oʻrganish, hujjatlar bilan ishlash va qonun ustuvorligini taʼminlashda aka va singil bir-biriga nafaqat hamkasb, balki eng yaqin maslahatchi ham. Murakkab ish jarayonlarida Abdukabirning jinoyat qidiruv sohasida orttirgan tajribasi va Osiyoning sinchkovligi asqatmoqda.
Aka-singil surishtiruvchilarning hayot hikoyasi shuni koʻrsatadiki, haqiqiy muvaffaqiyatga erishish, jamiyatda munosib oʻrin topish uchun halol mehnat, qatʼiy intilish hamda oilaviy jipslik kerak. Bu qadriyatlar insonni yuksak choʻqqilarga olib chiqa oladi.
Abror Poyonov, katta mutaxassis-muxbir, katta serjant. “Postda”
Toshkent viloyati
