Qoʻriqlash sohasida strategik qadam: mahalliy ishlab chiqarishga asoslangan yirik loyihaga start berildi
2026-08-08 14:05:00 / Yangiliklar

Bugun Toshkent shahridagi Qoʻriqlash xizmati maʼmuriy binosida mamlakatimiz xavfsizlik infratuzilmasini yanada takomillashtirish, qoʻriqlash sohasini zamonaviy texnologiyalar bilan taʼminlash hamda import oʻrnini bosuvchi mahalliy ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishga qaratilgan muhim tadbir boʻlib oʻtdi.
Unda Qoʻriqlash departamenti boshligʻi polkovnik Qobil Shodibekov, Qashqadaryo viloyati hokimining investitsiyalar, sanoat va savdo masalalari boʻyicha oʻrinbosari Shuxrat Muratov hamda qoʻriqlashning texnik vositalarini ishlab chiqaruvchi “S-SMART Security” korxonasi rahbariyati ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida qoʻriqlashning texnik vositalarini Oʻzbekistonda mahalliylashtirish, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish hamda sohaning texnik mustaqilligini taʼminlashga qaratilgan yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish boʻyicha ikki tomonlama memorandum imzolandi.
Mazkur memorandum mamlakatimizda qoʻriqlash tizimi uchun zarur boʻlgan texnik vositalarni mahalliy ishlab chiqarish, ularning raqobatbardoshligini oshirish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish va sohaga zamonaviy muhandislik yechimlarini keng tatbiq etish yoʻlidagi muhim huquqiy asos boʻlib xizmat qiladi. Loyiha doirasida zamonaviy signalizatsiya tizimlari, intellektual xavfsizlik qurilmalari, nazorat va monitoring uskunalari hamda boshqa texnik vositalarni respublika hududida ishlab chiqarishni bosqichma-bosqich yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan.
Shuningdek Qoʻriqlash xodimlarining farzandlarini informatsion texnologiyalar yoʻnalishida oʻqitish masalasi alohida eʼtibor berildi.
Uchrashuvda taʼkidlanganidek, mazkur tashabbus nafaqat qoʻriqlash sohasining texnik salohiyatini yangi bosqichga olib chiqadi, balki yuqori qoʻshimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish, yangi ish oʻrinlari yaratish, mahalliy sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va investitsiya muhitini yanada mustahkamlashga ham xizmat qiladi.
Tomonlar memorandum doirasida ishlab chiqarish infratuzilmasini shakllantirish, ilgʻor texnologiyalarni joriy etish, yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash hamda mahsulotlarni ichki bozor bilan bir qatorda tashqi bozorlarga ham yoʻnaltirish boʻyicha oʻzaro hamkorlikni izchil davom ettirishga kelishib oldilar.
Mazkur kelishuv Yangi Oʻzbekistonda yuqori texnologiyali sanoatni rivojlantirish, mahalliylashtirish darajasini oshirish va xavfsizlik sohasida milliy ishlab chiqarish zanjirini shakllantirishga qaratilgan amaliy islohotlarning navbatdagi muhim bosqichi sifatida eʼtirof etilmoqda. U mamlakatimizda qoʻriqlash xizmatining texnik imkoniyatlarini kengaytirish, sohada raqamli yechimlarni joriy etish hamda xavfsizlik tizimining barqarorligini taʼminlashga xizmat qiladi.



