Xorazm viloyatida xavfsiz muhitni yaratish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligi oʻrganildi
2026-08-07 08:00:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri general-leytenant Aziz Tashpulatov boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Xorazm viloyatida kriminogen vaziyat barqarorligini taʼminlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish hamda mahallalarda xavfsiz muhitni yaratishga qaratilgan saʼy-harakatlar natijadorligi tahlil qilindi.
Viloyatdagi oʻrganishlar “Urganch xalqaro” aeroportiga tutash hududda barpo etilayotgan yangi temir yoʻl vokzali qurilishi bilan tanishishdan boshlandi. Kelgusida mazkur obyektda jamoat xavfsizligini taʼminlash, yoʻlovchilar uchun xavfsiz muhit yaratish, huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan muhandislik va texnik yechimlar, shuningdek, xavfsizlik infratuzilmasining tashkil etilishiga alohida eʼtibor qaratildi.
Shu bilan birga, qurilish ishlarining sifati, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari hamda obyekt foydalanishga topshirilgach aholiga zamonaviy va xavfsiz transport xizmati koʻrsatish imkoniyatlari koʻrib chiqildi.
Tadbir davomida, Xiva shahri yaqindagi mukammal taʼmirdan chiqarilgan shahar IIB Yoʻl harakati xavfsizligi guruhi maʼmuriy binosining joriy holati koʻzdan kechirildi. Bu yerda aholiga davlat xizmatlarini koʻrsatishda sifat va tezkorlikni taʼminlash boʻyicha yaratilgan barcha imkoniyatlar baholandi, ularni takomillashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Shuningdek, xodimlar uchun yaratilgan xizmat sharoitlari oʻrganilib, kerakli tavsiyalar berildi.
Joriy yilning 7–9-avgust kunlari Xiva shahrida oʻtkazilishi rejalashtirilgan “Qovun sayli – 2026” xalqaro festivaliga tayyorgarlik va xavfsizlik masalalari ham atroflicha tahlil qilindi. Festival oʻtadigan hududlarda jamoat tartibini saqlash, yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash, favqulodda holatlarning oldini olish hamda mahalliy va xorijiy mehmonlar uchun xavfsiz muhit yaratish maqsadida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar muhokama qilinib, xavfsizlikni taʼminlashda zamonaviy texnik vositalardan samarali foydalanish, kuch va vositalarni maqbul taqsimlash hamda xizmatlarning muvofiqlashgan faoliyatini taʼminlash yuzasidan masʼullarga topshiriqlar berildi.
Mamlakatimizning yirik turizm hududi hisoblangan Xiva shahrida turizm infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida koʻplab turizm obyektlari barpo etilmoqda. Shu jumladan, yangi qurilayotgan yangi mehmonxona, servis obyektlari va xizmat koʻrsatish majmualari koʻzdan kechirilib, turizm sohasida amalga oshirilayotgan loyihalarni xavfsizlik talablari asosida tashkil etish hamda sayyohlar uchun xavfsiz va qulay muhit yaratish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Davlatimiz rahbari tomonidan eʼtirof etilgan Urganch shahridagi “Olimpiya” mahallasida tashkil etilgan “Aqlli mahalla” dasturi doirasida joriy etilgan innovatsion yechimlar, raqamli nazorat tizimlari va zamonaviy kuzatuv texnologiyalar tajribasini boshqa hududlarga joriy etish yuzasidan muhim chora-tadbirlar belgilab olindi.
Mahallada faoliyat yuritayotgan “mahalla yettiligi” aʼzolari, xususan profilaktika inspektori bilan muloqot chogʻida hududdagi kriminogen vaziyat, aholi murojaatlari bilan ishlash, muammolarni barvaqt aniqlash va ularni hal etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi. Fuqarolar xavfsizligini taʼminlashda profilaktika inspektorlarining masʼuliyatini yanada oshirish va mahalladagi hamkorlik tizimini mustahkamlash muhimligi taʼkidlandi.
Mahallaga xizmat koʻrsatuvchi Qoʻriqlash xizmati boʻlinmasining faoliyati ham oʻrganilib, xizmatni tashkil etish, tezkor harakatlanish imkoniyatlari, texnik jihozlanganlik darajasi va xizmat intizomini yanada mustahkamlash yuzasidan masʼullarga tegishli koʻrsatmalar berildi.
Joriy yilning 30-iyul kuni Ichki ishlar vazirligida “Xavfsiz va sogʻlom yurt” keng qamrovli profilaktik tadbirlarining 2-bosqichini samarali tashkil etish boʻyicha oʻtkazilgan yigʻilishda berilgan topshiriqlar
asosida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi. Keng qamrovli profilaktik tadbirlar doirasida kuchaytirilgan tungi xizmat faoliyati, huquqbuzarliklar profilaktikasi hamda sohaviy xizmatlarning hamkorlikdagi aholi bilan manzilli ishlash tizimini yanada takomillashtirish yuzasidan masʼul rahbarlarga aniq vazifalar belgilab berildi.









