Buxoroda “Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi“: Mustaqillik bayrami oldidan viloyat IIB boshligʻi obodonlashtirish va xavfsizlik tizimi masalalarini oʻrgandi
2026-08-06 09:10:00 / Yangiliklar

Davlatimiz rahbarining 2026-yil 5-yanvardagi PQ-1 va PQ-2 sonli qarorlari ijrosini taʼminlash hamda Vatanimiz mustaqilligining 35-yilligini munosib kutib olish maqsadida Buxoro shahrida keng koʻlamli obodonlashtirish ishlari jadal olib borilmoqda. “Yagona Vatan, yagona xalq boʻlib, yangi hayot va kelajak yaratamiz“ degan ezgu gʻoya asosida eng ulugʻ, eng aziz bayramni mahallalarda koʻtarinki ruhda oʻtkazish uchun yurtimizda “Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi“ eʼlon qilindi.
Mazkur oylik doirasida shahar qiyofasini zamonaviylashtirish, infratuzilmani yangilash hamda aholi xotirjamligini taʼminlash tadbirlari mutlaqo yangi bosqichga koʻtarildi. Xususan, viloyat IIB boshligʻi markaziy koʻchalardagi bunyodkorlik, koʻkalamzorlashtirish va jamoat xavfsizligini saqlash borasidagi ishlar bilan bevosita piyoda yurgan holda tanishdi. Oʻrganishlar davomida qurilish sifatini nazorat qilish, shaharsozlik normalariga qatʼiy amal qilish, savdo va maʼmuriy obyektlar atrofida tozalikni taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Mulkiy xavfsizlikni kuchaytirish maqsadida tadbirkorlarga oʻz hududlarida videokuzatuv kameralarini oʻrnatib, ularni markazlashgan tizimga ulash hamda binolarni qoʻriqlash xizmatiga topshirish yuzasidan aniq vazifalar berildi. Shuningdek, tungi yoritish tizimlarini xavfsizlik talablariga mos va yoʻl harakati ishtirokchilariga xalaqit qilmaydigan tarzda oʻrnatish lozimligi koʻrsatib oʻtildi. Amaliyotga joriy etilayotgan bu chora-tadbirlarning barchasi hududlarda “Xavfsiz koʻcha“ hamda “Xavfsiz yoʻlak“ tizimini toʻlaqonli roʻyobga chiqarishga xizmat qiladi.
Bu kabi obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari har bir mahallada faollar ishtirokida, “mahalla yettiligi“ning uzviy hamkorligida tashkil etilmoqda. Belgilangan barcha vazifalar ijrosi qatʼiy nazoratga olingan boʻlib, bu ijobiy oʻzgarishlar koʻhna shaharning yanada goʻzallashishiga hamda aholining tinch va farovon hayot kechirishiga mustahkam zamin yaratadi.









