Tergovni bilimdonlar olib boradi. Haqiqat qaror topgan joyda...
2026-08-05 13:35:00 / Yangiliklar

Qashqadaryo viloyati ichki ishlar organlarida adolat tantanasi yoʻlida fidokoona xizmat qilayotgan, jinoyatlarni fosh etishda sinchkovligi, chuqur bilimi va tajribasi bilan ajralib turadigan tergovchilar koʻp. Ular orasida viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi katta tergovchisi, kapitan Mirjahon Hasanov ham bor.
U hozirda Chiroqchi tumani IIB huzuridagi Tergov boʻlinmasi boshligʻi lavozimida faoliyat yuritayotgan ustozi, mayor Shohrux Tursunovdan har bir voqeani mayda-chuyda tafsilotlarigacha tahlil qilish, dalillarni bir-biriga bogʻlash va voqealar zanjirini uzviy tiklash boʻyicha nazariy bilimlarni amaliyotda qoʻllashni oʻrgandi. Oʻtgan yillar davomida oʻz ustida tinimsiz ishlab, kuzatuvchanlik va psixologik koʻnikmalarini mustahkamladi.
Tergovchi qonunlarni mukammal bilishi bilan birga, inson qalbini anglaydigan, haqiqatni his etadigan va vaziyatga xolis yondashadigan shaxs boʻlishi kerak. Chunki yetarlicha oʻrganilmagan holat yoki shoshmashosharlik bilan chiqarilgan notoʻgʻri xulosa aybsiz insonning jabr koʻrishiga olib kelishi mumkin. Shu sababli bilimdon tergovchi har bir dalilni qayta-qayta tekshirib, haqiqatni aniqlamaguncha tinchimaydi, — deydi lavhamiz qahramoni.
Bugungi kunda sodir etilayotgan jinoyatlar tur va shakl jihatidan ancha murakkablashgan. Ilgari asosan oddiy oʻgʻrilik yoki bosqinchilik kabi holatlar koʻp uchragan boʻlsa, hozir axborot texnologiyalari sohasidagi qonunbuzarliklar soni ortib bormoqda. Bunday jinoyatlarni fosh etish tergovchidan keng dunyoqarash, axborot texnologiyalari va iqtisodiy sohada chuqur bilimga ega boʻlishni talab etadi.
Misol uchun, dehqonobodlik J.Y. ichki ishlar organiga murojaat qilib, bank plastik kartasidagi 20 million soʻmga yaqin mablagʻ oʻgʻirlanganini bildirgan. Kapitan Mirjahon Hasanov olib borgan dastlabki tergov harakatlari davomida ushbu jinoyat fuqaro A.Sh. tomonidan axborot tizimiga qonunga xilof ravishda kirish orqali sodir etilgani aniqlandi.
Maʼlum boʻlishicha, A.Sh. ijtimoiy tarmoq orqali J.Y. bilan tanishib, undan xorijdan kiyim-kechak sotib olish boʻyicha maslahat soʻraydi. Soʻng bildirilgan tavsiyalardan mamnunligini aytib, minnatdorlik sifatida pul oʻtkazib berishni vaʼda qiladi va J.Y.ning plastik karta hamda telefon raqamini qoʻlga kiritadi. Keyin esa «Alif mobi» ilovasi yordamida J.Y.ning plastik kartasidagi 19 million 834 ming 500 soʻmni oʻzining kartasiga oʻtkazib oladi.
Mazkur jinoyat ishi boʻyicha ayblov xulosasi tuzilib, jinoyat ishlari boʻyicha Dehqonobod tuman sudiga yuborildi. Sud hukmi bilan A.Sh.ga nisbatan 3 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Kapitan Mirjahon Hasanov hozir ham tinimsiz izlanadi, oʻz ustida ishlaydi, bilganlarini yoshlarga oʻrgatadi. Dehqonobod tumani IIB huzuridagi tergov guruhi tergovchisi, katta leytenant Ahror Yoqubov hamda Qarshi shahar IIB huzuridagi tergov boʻlimi tergovchisi, kapitan Musurmon Ermurodov uni oʻzlariga mehribon ustoz deb bilishadi.
Sodiq Rahimov, oʻz muxbirimiz. “Postda”
Qashqadaryo viloyati
