Yoʻl qoidasi — umr foydasi. Oromgohlarda targʻibot tadbirlari
2026-08-05 07:45:00 / Yangiliklar

Navoiy viloyatining Karmana tumanidagi «Oftobjon», «Ishonch», Navbahor tumanidagi «Sarmish», «Shabboda» kabi yozgi oromgohlarda «Yoʻl harakati qoidalari» boʻyicha targʻibot ishlari olib borildi. Tadbirlarda bolajonlarga yoʻllarda xavfsiz harakatlanish, piyoda, yoʻlovchi va velosipedchilarning majburiyatlari tushuntirildi. Yoʻl belgilari, tartibga soluvchi yoʻl chiziqlari talablariga va svetoforning ishoralariga qatʼiy rioya qilish lozimligi uqtirildi.
Ayniqsa, velosipedni jihozlash, xavfsiz manyovrlarni amalga oshirish, avtomobil yoʻllarida masʼuliyatli boʻlish kerakligiga alohida urgʻu berildi. Haydovchilik guvohnomasiga ega boʻlmasdan turib transport vositasini boshqarmaslik, oʻzboshimchalik bilan avtomashinadan tana qismini chiqarmaslik, yoʻlning qatnov qismidan kesib oʻtishda hushyorlikni yoʻqotmaslik darkorligi aytib oʻtildi.
- Bolalar oʻrtasida muntazam ravishda yoʻl harakati xavfsizligi borasida tushuntirish ishlarini olib borish kelgusida madaniyatli harakat ishtirokchilari qatlami shakllanishida muhim ahamiyatga ega. Shuning uchun tizimli ravishda soha vakillari bilan hamkorlikda profilaktik ishlar amalga oshirilmoqda. Suratlar tanlovi, profilaktik suhbatlar, turli uslubiy qoʻllanmalar hamda tarqatilayotgan bukletlar samaradorlikni yanada oshiradi. Muhimi, bolajonlar maroqli hordiq chiqarish bilan bir qatorda yoʻllarda xavfsiz harakatlanish boʻyicha bilimlarini ham mustahkamlashadi. Bu esa ota-onalarning ham koʻnglini xotirjam qilishi aniq, — deydi Navoiy shahridagi 18-sonli maktab direktorining oʻquv ishlari boʻyicha oʻrinbosari Jamila Isamova.
Tadbir davomida bolalar guruhlarining xavfsiz harakatlanishlari borasida amaliy oʻquv mashgʻulotlari ham oʻtkazildi.
Farruh YAKUBOV,
Navoiy viloyati IIB JXX YHXB Axborot guruhi katta mutaxassisi, mayor.
