Til bilgan — el biladi
2026-08-03 13:20:00 / Yangiliklar

Baʼzi taqdirlar boʻladiki, xuddi kino ssenariysiga oʻxshaydi: ularda davrlar, xaritalar va milliy anʼanalar chambarchas bogʻlanib ketgan. Shunday taqdir egalaridan biri — Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi RT va HS Departamenti Raqamli infratuzilma va axborot xavfsizligi boshqarmasi boshligʻi, podpolkovnik Vladimir Gennadiyevich Xendir.
Xizmat formasi oʻziga juda yarashgan, 34 yillik xizmat tajribasiga ega boʻlgan matonatli bu insonning jiddiy qiyofasi ortida begʻubor va mehribon qalb yashiringan. Vladimir Gennadiyevich millatiga koʻra koreys, biroq oʻzbek va rus tillarini mukammal biladi. U bolaligidan Oʻzbekiston deya atalmish mehmondoʻst diyorning madaniyatini ruhiga singdirib ulgʻayganidan faxrlanadi. U oʻzbek tilining betakror, jonli xorazmcha shevasida gapirganida, qoyil qolmay ilojingiz yoʻq.
Lavhamiz qahramonining oilasi tarixi oʻtgan asrning 30-yillariga borib taqaladi. Oʻshanda Vladimir Xenning ajdodlari Markaziy Osiyoga koʻchib kelishgan. Olis Xorazm ular uchun shunchaki yangi joy emas, balki haqiqiy qadrdon maskanga aylandi. Ota-onasining hikoyalariga koʻra, mehnatsevar, olijanob ikki xalq vakillari darhol bir-birini tushunib yetdi. Bu yerda hech qachon til yoki qalb toʻsiqlari boʻlmagan. Mushtarak qadriyatlar, yerga mehr, kattalarga hurmat va samimiy mehnatsevarlik turli millat vakillarini yagona katta oilaga birlashtirdi.
Til — bu shunchaki muloqot vositasi emas, balki inson qalbiga yoʻl topadigan kalit. Bu haqiqatni oʻzbek tilini aʼlo darajada biladigan Vladimir Xenning 34 yillik xizmat yoʻli ham toʻla-toʻkis tasdiqlaydi. Bundan tashqari, Vladimir Gennadiyevich hayratlanarli darajada nozik yumor hissiga ega. Hamkasblar yaxshi bilishadi: u hatto eng masʼuliyatli va murakkab vaziyatda ham oʻz vaqtida aytilgan shirin soʻzi yoki hazil-mutoyibasi bilan muhitni yumshata oladi.
Ish jarayonida V. Xen nafaqat talabchan rahbar, balki yosh mutaxassislar uchun haqiqiy ustoz ekanligini koʻp bor isbotlagan. Oʻzining koʻp yillik boy tajribasiga va maʼnaviy-maʼrifiy bilimlariga tayanib, shogirdlariga nafaqat axborot xavfsizligi sirlari, balki insoniylik, burchga sadoqat va Vatanga muhabbat singari fazilatlarni ham singdirib kelmoqda.
Uning taʼlim-tarbiyasini olib, faoliyat yuritgan yosh xodimlar har doim Vladimir Gennadiyevichning samimiy maslahatlari, otalarcha gʻamxoʻrligi va har bir insonga alohida eʼtibor berishini chuqur minnatdorlik va hurmat bilan tilga olishadi.
Aziza Bohodirova, mayor. “Postda”
