Xodimning bir kuni. Oʻzgargan taqdirlar mezon boʻlsa...
2026-08-03 08:35:00 / Yangiliklar

Oʻtgan haftada Zomin tumani IIB Jamoat xavfsizligi xizmati probatsiya guruhi inspektori, katta leytenant Avazbek Boyqulovning bir kunlik xizmat faoliyatiga hamrohlik qildim. Vaqt ertalabki soat sakkiz edi. Hujjatlar koʻzdan kechirildi, kunlik ish rejalashtirildi. Borar manzillarni belgilab olib, yoʻlga chiqdik.
— Probatsiyaning vazifasi jazolash emas, insonni toʻgʻri yoʻlga qaytarish, — deydi inspektor yoʻl-yoʻlakay. — Ishimizda nazorat muhim. Ammo, insonning ertangi kuniga ishonch uygʻotish, dunyoqarashi va hayotga munosabatini oʻzgartirishga erishish undanda muhim.
Birinchi manzil Sharof Rashidov nomli massivdagi «Aziza Aslanbek» masʼuliyati cheklangan jamiyati boʻldi. Korxonaga probatsiya nazoratida turgan Nurmuhammad Abdikarimov, Odil Ismoilov va Xolmuhammad Ortiqmurodovlar ishga joylashtirilgan ekan. Inspektor ular bilan suhbatlashdi, mehnat sharoiti, ish intizomi bilan qiziqdi. Qisqa suhbatlardan angladimki, mehnat har qanday insonni oʻzgartirar ekan. Kechagi adashgan odamlar bugun mehnati bilan oilasini boqishga, halol yoʻl bilan non topishga intilyapti. Ana shu oʻzgarish probatsiya xizmatining eng katta yutugʻi hisoblanadi.
Navbatdagi manzil «Mustaqillik» mahallasi boʻldi. Bu yerda ozodlikni cheklash jazosini oʻtayotgan Sunnatullo Ungarovning yashash manzilidagi harakati tekshirildi. U nazoratdagi shaxsning onasi, ayoli bilan suhbatlashdi. Suhbatni xuddi oilaning yaqin odamidek olib bordi. Bu hol menda nazoratchidan koʻra doʻstdek taassurot uygʻotdi. Profilaktika inspektoridan Sunnatulloning xonadonini tark etmaslik majburiyatiga amal qilayotgani maʼlum boʻldi. «Probatsiya xizmati insonning xatosini, oʻtmishini hadeb esiga solmasdan, uning sogʻlom kelajagini yaratuvchi xizmat», — dedi katta leytenant koʻchaga chiqqanimizda.
Yoʻl-yoʻlakay raqamlar bilan tanishdik. Zomin tumani IIB JXX probatsiya xizmati tomonidan joriy yilning besh oyi mobaynida 168 nafar shaxs probatsiya hisobiga olinib, 188 nafar shaxs nazoratdan chiqarildi. Qayta jinoyat sodir etish xavfi yuqori boʻlgan 17 nafar shaxs rahbarlarga biriktirilib, ular bilan manzilli profilaktik ishlar olib borilgan. Nazorat ostidagi 48 nafar shaxs kasb-hunarga oʻqitilib, 376 nafari doimiy ish bilan taʼminlanibdi.
— Oʻrganish va tekshiruvlarda tungi cheklovlarga amal qilmagan 12 nafar mahkum rasman ogohlantirildi. Ijobiy xulq-atvori bilan namuna boʻlgan 67 nafar mahkum muddatidan oldin shartli ravishda jazodan ozod etildi. Sud talablarini muntazam buzgan 11 nafar mahkumga nisbatan esa jazo ogʻirroq turiga almashtirildi, — deydi suhbatdoshimiz.
Shu kuni yana ikkita ishlab chiqarish korxonasida boʻldik. Xizmat kuni yakunlanar ekan, bir fikr xayolimdan oʻtdi: probatsiya xodimi ishini raqamlar bilan emas, oʻzgargan taqdirlar bilan oʻlchash kerak. Halol mehnatga qaytgan inson, kasb oʻrgangan mahkum, oilasi bagʻriga qaytayotgan ota, qayta jinoyat sodir etmaslikka qaror qilgan fuqaro — ana shu natijalar probatsiya xizmatining haqiqiy bahosidir.
