Ochiq muloqot va manzilli yechimlar: Ichki ishlar organlari rahbarlarining sayyor qabullari aholi muammolarini hal etishning samarali mexanizmiga aylanmoqda
2026-08-03 08:00:00 / Yangiliklar

Fuqarolarning murojaatlarini tinglash, ularni oʻylantirayotgan masalalarga yechim topish hamda davlat organlari bilan aholi oʻrtasidagi ochiq muloqotni yanada kuchaytirish maqsadida ichki ishlar organlari tomonidan sayyor qabullar muntazam tashkil etilmoqda.
Bu kabi uchrashuvlar aholi tomonidan kelib tushayotgan har bir murojaatini atroflicha oʻrganish, qonuniy manfaatlarni himoya qilish va mavjud muammolarni qisqa muddatlarda hal etishga xizmat qilmoqda.
Ana shunday tadbirlarning navbatdagisi joriy yilning 2-avgust kuni Ichki ishlar vaziri general-leytenant Aziz Tashpulatov rahbarligida boʻlib oʻtdi. Unda vazir oʻrinbosarlari, sohaviy xizmatlar rahbarlari hamda masʼul xodimlar ishtirok etib, jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlarni koʻrib chiqish, ular yuzasidan amaliy choralar belgilash va har bir masalaga aniq huquqiy yechim topishga alohida eʼtibor qaratildi.
Sayyor qabul fuqarolar uchun qulay shaklda tashkil etildi. Toshkent shahri va Toshkent viloyatida istiqomat qiluvchi murojaatchilar rahbariyat bilan yuzma-yuz muloqot qildi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda boshqa hududlarda yashovchi fuqarolar esa videokonferensaloqa orqali qabulda ishtirok etib, oʻzlarini qiynayotgan masalalarni bevosita bayon qilish imkoniyatiga ega boʻldi.
Tadbir yakuniga koʻra, jami 526 ta murojaat roʻyxatga olindi. Ularning 320 tasi yoki 61 foizi qabul jarayonining oʻzida ijobiy hal etildi. Qolgan 206 ta murojaat qoʻshimcha oʻrganish talab etgani bois, ijrosi nazoratga olinib, tegishli sohaviy xizmatlarga yuborildi.
Shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar ichki ishlar organlari rahbarlari tomonidan tashkil etilgan qabullarda ham jami 440 ta murojaat qabul qilindi. Ularning 211 tasi, yaʼni 48 foizi joyida hal qilingan boʻlsa, 229 ta murojaat boʻyicha qoʻshimcha tekshiruv va huquqiy baholash ishlarini olib borish uchun tegishli choralar belgilandi.
Sayyor qabullar aholi bilan davlat organlari oʻrtasidagi muloqotni yanada mustahkamlash, fuqarolarni qiynayotgan muammolarga tezkor yechim topish hamda ichki ishlar organlari faoliyatining ochiqligi va samaradorligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu kabi uchrashuvlar kelgusida ham mamlakatimizning barcha hududlarida muntazam davom ettiriladi.









