Ichki ishlar organlari kadrlar yoʻnalishi va komplayens tizimi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar tanqidiy tahlil qilindi
2026-08-02 09:25:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar vaziri oʻrinbosarlari polkovnik Diyorbek Sattarov hamda polkovnik Rustam Mirzayev rahbarligida videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi. Yigʻilishda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash, komplayens tizimi, xizmat intizomi hamda qonunchilikni mustahkamlash, shuningdek «Komplayens va maʼnaviy madaniyat oyligi» doirasida amalga oshirilgan ishlar atroflicha tahlil qilinib, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar tanqidiy muhokama qilindi.
Shu bilan birga, yurtimiz Mustaqilligining 35 yilligini munosib nishonlashga tayyorgarlik koʻrish, maʼmuriy binolar, xizmat obyektlari hamda xodimlar xonadonlarini obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari yuzasidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga alohida eʼtibor qaratildi. Shuningdek, xodimlar sogʻligʻini muhofaza qilish, ular oʻrtasida profilaktik tadbirlar samaradorligini oshirish hamda mazkur yoʻnalishdagi dolzarb vazifalar tanqidiy tahlil qilinib, masʼul rahbarlarga tegishli topshiriqlar berildi.
Muhokamalar davomida vazir oʻrinbosarlari kun tartibidagi masalalar yuzasidan oʻz fikr-mulohazalari va takliflarini bildirib, hududiy ichki ishlar organlari masʼul rahbarlarining hisobotlarini tingladilar.
Yigʻilish yakunida sohadagi ish samaradorligini yanada oshirish, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida va sifatli ijrosini taʼminlash hamda xizmat intizomini yanada mustahkamlash yuzasidan masʼul rahbarlarga aniq topshiriq va koʻrsatmalar berildi.








