Kasb fidoyisi. Yelkanni mahkam tutib...
2026-08-01 12:25:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar organlarida 15 yilga yaqin samarali faoliyat olib borayotgan podpolkovnik Moʻminaxon Fozilxoʻjayeva 1992-yilda Dangʻara tumanida tavallud topgan. U bolaligidanoq ichki ishlar organlarida xizmat qilishni oldiga maqsad qilib qoʻygandi. Shu bois oʻrta maktabni tamomlagach, IIV Akademiyasiga hujjat topshirdi.
Oʻqishni tugatgach xizmat faoliyatini Fargʻona shahar IIB tergov boʻlimida tergovchi vazifasidan boshladi. Soʻng viloyat IIB Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmatida xotin-qizlar masalalari boʻyicha bosh inspektor, JXX Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasida xotin-qizlar va ijtimoiy masalalar boʻyicha katta inspektor lavozimlarida samarali xizmat qilib tashabbuskorligi va kasbiy mahoratini namoyon etdi.
Nafaqat amaliy ishlarda, balki targʻibot-tashviqot sohasida ham faollik koʻrsatib, axborot texnologiyalaridan unumli foydalangan holda 60 dan ortiq uslubiy qoʻllanmalar tayyorladi. Bugun ulardan hududlarda xotin-qizlar oʻrtasida jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish borasidagi tadbirlarda keng foydalanilmoqda.
Faoliyatidagi tashabbuskorligi va yetakchilik qobiliyati inobatga olinib, yaqinda u viloyat IIB Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati boshligʻining xotin-qizlar masalalari boʻyicha oʻrinbosari lavozimiga tayinlandi.
Qahramonimiz avvaliga viloyat IIBda xizmat qilayotgan ayollardan 25 nafarining oilaviy sharoitini «xonadonbay» usulida oʻrganib chiqdi. Aniqlangan ijtimoiy, iqtisodiy, maʼnaviy-ruhiy muammolar boʻyicha rahbariyatga takliflarini berdi. Kimgadir taʼtil berishni, ayrimlarga ehtiyojga koʻra, moddiy yordam ajratishni soʻradi. Soʻng maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, koʻrik-tanlov, sport musobaqasi hamda psixologik treninglar tashkil qildi. Bugun esa ularning jismoniy va jangovar tayyorgarligi hamda kasbiy bilimlarini oshirish, tibbiy va psixologik yordam koʻrsatish kabi masalalar bilan mashgʻul.
Moʻminaxonning shaxsiy hayoti ham ibratga loyiq. Turmush oʻrtogʻi advokat. Oilada oʻzaro hurmat va tushunish muhiti hukmron. Rahbarlik lavozimida faoliyat yuritish barobarida, ikki nafar oʻgʻlining tarbiyasiga ham jiddiy eʼtibor qaratadi. Xizmat va roʻzgʻor ishlarini teng olib borishi koʻpchilikning havasini keltiradi.
Singlisi Mushtariybonu Fozilxoʻjayeva ham opasining izidan borib, IIV Akademiyasida tahsil olgan. Hozirda Soʻx tumani IIBda tergovchi.
- Oilada 5 qiz va 1 oʻgʻlimiz, — deydi qahramonimiz. — Men toʻngʻich farzandman. Otam Muhammadxon va onam Muhayyoxon Toʻxtasinovlar bizni halol mehnati bilan oʻstirishdi. Ilmli, ahil, bir-birini doim qoʻllaydigan farzand qilib tarbiyalashdi. Barcha yutuqlarimda ularning hissasi katta. Qolaversa, isteʼfodagi podpolkovnik Arabboy Usmonov, isteʼfodagi mayor Diloromxon Nazirova, isteʼfodagi kapitan Nurxon Joʻrayeva kabi ustozlarning maslahat va tavsiyalariga amal qilib, kam boʻlganim yoʻq.
Podpolkovnik Moʻminaxon Fozilxoʻjayeva kabi fidoyi ayollarning kasbiga sadoqati, vatanparvarligi, insoniy fazilatlari, xizmat va oila yukini yelkasida mahkam tutgancha hayot kemasi yelkanini ogʻishmay boshqarib borishi koʻplab yoshlar, ayniqsa, qizlar uchun ibrat namunasidir.
Abduvosit Sidiqov, oʻz muxbirimiz. “Postda”
Fargʻona viloyati
