Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasida “Xalqaro standartlar va milliy qonunchilik” mavzusida seminar-trening oʻtkazildi
2026-08-01 11:50:00 / Yangiliklar

Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasida “Inson huquqlari: xalqaro standartlar va milliy qonunchilik” mavzusida ichki ishlar organlari huquqbuzarliklarning oldini olish boʻyicha profilaktika inspektorlari uchun seminar-trening oʻtkazildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi jahon taʼlim dasturining beshinchi amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2026 yil 3 martdagi 91-sonli qaror ijrosini taʼminlash maqsadida Toshkent viloyati IIBB, Inson huquqlari boʻyicha milliy markaz raisi Akmal Saidov, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi, Oliy Majlisning Bola huquqlari boʻyicha mintaqaviy vakili, xalqaro va milliy huquq sohasida eng yuqori tajribaga ega boʻlgan soha namoyandalari, olimlar va ekspertlar guruhi tomonidan maʼruzalar olib borildi.
Seminar-trening asosiy maqsadi: Profilaktika inspektorlarida jinoyat va huquqbuzarliklarni ochish, tergov qilish hamda ularning oldini olish borasidagi kasbiy faoliyatida, shuningdek, boshqa xizmatlar, davlat organlari va jamoat birlashmalari bilan hamkorlik jarayonida zarur boʻladigan inson huquqlariga doir xalqaro standartlar boʻyicha bilimlarni shakllantirishdir. Shu bilan birga, ichki ishlar organlari xodimlarida inson huquqlariga rioya etish va ularni hurmat qilish koʻnikmalarini hosil qilishdan iborat.
Tadbir yakunida tizimda amalga oshirilayotgan islohotlarni chuqur anglab, hududlarda qonunchilik ijrosi hamda xizmat intizomiga qatʼiy rioya qilib, hamkasblariga oʻrnak boʻlib kelayotgan bir guruh profilaktika inspektorlari eʼtirof etilib, faxriy yorliq va esdalik sovgʻalar bilan taqdirlandilar.
Toshkent viloyati IIBB Axborot xizmati



