IIV huzuridagi Tergov departamenti tomonidan fuqarolar murojaatlari yuzasidan navbatdagi shaxsiy qabul tashkil etildi
2026-08-01 10:25:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar vazirligi tomonidan aholi bilan ochiq va samarali muloqotni yoʻlga qoʻyish va murojaatlari bilan ishlash tizimi samaradorligini oshirish maqsadida bir qator ishlar amalga oshirilib, Vazirlik huzuridagi Tergov departamenti tomonidan shaxsiy va sayyor qabullar muntazam ravishda tashkil etib kelinmoqda.
Jumladan, 30-iyul kuni Vazir oʻrinbosari Ramazon Ashropov tomonidan navbatdagi shaxsiy qabul oʻtkazilib, aholining mavjud muammolarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish maqsadida fuqarolarning murojaatlari tinglandi.
Qabul davomida, jami 210 nafar fuqarolarning 194 ta murojaatlari oʻrganildi. Murojaatlarning 124 tasi tergov va surishtiruv faoliyati, 28 tasi afv etish va mahkumlarning huquqiy holati, 18 tasi tergovga qadar tekshiruv, 6 tasi xodimlarning xatti-harakatlari yuzasidan va 18 tasi ichki ishlar organlariga oid boshqa masalalarni tashkil etadi.
Shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar aholisi uchun shaxsiy qabul onlayn shaklda ham tashkil etilib, onlayn shaklda kechgan qabul davomida Andijon, Fargʻona, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida istiqomat qiluvchi fuqarolardan murojaatlar kelib tushdi.
Shaxsiy qabul davomida Vazir oʻrinbosari hamda masʼul rahbar va xodimlar tomonidan fuqarolar bilan ularni qiynayotgan muammolar yuzasidan toʻgʻridan toʻgʻri muloqot oʻtkazildi. Xususan, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergov jarayonlari, huquqbuzarliklar profilaktikasi hamda boshqa yoʻnalishlardagi murojaatlar qabul qilinib, ularni qonuniy va tezkor hal etish boʻyicha masʼullarga aniq koʻrsatmalar berildi.
Kelib tushgan murojaatlarning 34 tasi yoki 17,5 foizi shu joyning oʻzida qanoatlantirildi, 21 tasi yoki 10 foizi boʻyicha fuqarolarga tegishli tushuntirishlar berildi. Qolgan 139 ta murojaat yoki 71,5 foizi qoʻshimcha oʻrganish talab etganligi sababli ijroga yoʻnaltirilib, oʻz vaqtida va xolisona koʻrib chiqilishi nazoratga olindi.
Aholi bilan bunday ochiq muloqot va shaxsiy qabullar tizimli ravishda davom ettirilmoqda.
IIV huzuridagi Tergov departamenti



