Strategik rejalashtirish — Ichki ishlar organlarida samarali boshqaruvning yangi bosqichi
2026-07-31 09:00:00 / Yangiliklar
So‘nggi yillarda mamlakatimizda davlat boshqaruvini strategik rejalashtirish asosida tashkil etish bo‘yicha mustahkam huquqiy poydevor yaratildi. Xususan, Prezidentmizning 2025-yil 30-oktabrdagi PF–201-son Farmoni davlat boshqaruvida strategik rejalashtirishning yagona tizimini joriy etish, davlat organlari faoliyatini aniq maqsadli ko‘rsatkichlar asosida tashkil qilish va natijadorlikni baholashning zamonaviy mexanizmlarini belgilab berdi. Ushbu farmonning mantiqiy davomi sifatida qabul qilingan PQ–394-son qaror esa mazkur vazifalarni amaliyotga tatbiq etishning tashkiliy va uslubiy mexanizmlarini belgilab, davlat organlarida strategik boshqaruv madaniyatini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Mazkur hujjatlarning eng muhim jihati shundaki, endilikda davlat organlari faoliyati faqat bajarilgan ishlar hajmi bilan emas, balki erishilgan natija, aholi manfaatiga ko‘rsatgan amaliy ta’siri va belgilangan maqsadlarga qay darajada erishilgani bilan baholanadi. Bu esa har bir rahbar va har bir xodim zimmasiga yanada katta mas’uliyat yuklaydi.
Albatta, mazkur yondashuv ichki ishlar organlari uchun alohida ahamiyatga ega. Chunki jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish va fuqarolarning huquq hamda erkinliklarini himoya qilish kabi vazifalarni samarali tashkil etish puxta tahlil, to‘g‘ri prognoz va aniq strategik rejalashtirishni talab qiladi.
Shu maqsadda Ichki ishlar vazirligida Strategik rejalashtirish va rivojlantirish bo‘limi faoliyati yo‘lga qo‘yilgani tizimda amalga oshirilayotgan islohotlarning mantiqiy davomi hisoblanadi. Bo‘lim tomonidan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi, davlat dasturlari va sohaga oid boshqa strategik hujjatlar ijrosi muvofiqlashtiriladi, ularning bajarilishi muntazam monitoring qilinadi hamda tahliliy xulosalar tayyorlanadi.
Bundan tashqari, vazirlik markaziy apparati va hududiy ichki ishlar organlarida ishlab chiqilayotgan strategik hujjatlarning sifati baholanadi, ularning ijrosi tahlil qilinadi, mavjud muammolar aniqlanib, amaliy takliflar ishlab chiqiladi. Bu esa boshqaruv qarorlarining ilmiy asoslangan holda qabul qilinishiga, resurslardan oqilona foydalanishga hamda belgilangan vazifalar ijrosini samarali tashkil etishga xizmat qilmoqda.
Ayniqsa, PF–201 bilan davlat boshqaruvida joriy etilayotgan natijaga yo‘naltirilgan boshqaruv tamoyili ichki ishlar organlari faoliyatida ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Endi har bir dastur, har bir reja va har bir chora-tadbirning amaliy samarasi aniq mezonlar orqali baholanadi. Bu esa strategik rejalashtirishning rasmiy hujjat tayyorlash jarayoni emas, balki samarali boshqaruvning asosiy vositasi ekanini ko‘rsatadi.
Zamonaviy boshqaruvni raqamli texnologiyalarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Shu bois strategik rejalashtirish jarayonlarida raqamli platformalar, elektron monitoring va tahliliy axborot tizimlarini keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu ma’lumotlarni tezkor qayta ishlash, tahliliy hisobotlarni avtomatlashtirish va boshqaruv qarorlarining aniqligini ta’minlash imkonini bermoqda.
Strategik rejalashtirishning yana bir muhim jihati — bu hududiy bo‘linmalar bilan samarali hamkorlikdir. Chunki haqqoniy tahlil faqat joylardagi real holat asosida shakllanadi. Shu bois hududlardan kelib tushayotgan ma’lumotlarning ishonchliligi, tahliliy materiallarning sifati va amaliy takliflarning asosliligi butun tizim samaradorligini belgilaydi.
Shu bilan birga, Strategik rejalashtirish va rivojlantirish bo‘limi tizimda amalga oshirilayotgan islohotlarni muvofiqlashtirish, ularning ijrosini baholash, xizmat faoliyatidagi tendensiyalar va xavf omillarini tahlil qilish hamda kelgusidagi ustuvor vazifalarni belgilashda muhim o‘rin tutadi. Bu esa ichki ishlar organlarida qaror qabul qilish jarayonini yanada ilmiy asoslangan va samarali tashkil etish imkonini yaratadi.
Xulosa qilib aytganda, strategik rejalashtirish bugun ichki ishlar organlarida zamonaviy boshqaruv va samarali islohotlarning muhim omili hisoblanadi. Bugungi kunda Prezidentimizning PF–201 Farmoni va PQ–394 qarorida belgilangan vazifalarning izchil amalga oshirilishi natijasida tizimda rejalashtirish, monitoring, tahlil va baholashning yangi bosqichi shakllanmoqda. Bu esa jamoat xavfsizligini yanada mustahkamlash, huquq-tartibotni ta’minlash hamda aholining ichki ishlar organlariga bo‘lgan ishonchini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Strategik fikrlaydigan, natija uchun mas’ul va tahlil asosida qaror qabul qiladigan tizim — Yangi O‘zbekiston ichki ishlar organlarining ertangi taraqqiyoti va samarali faoliyatining eng muhim kafolatidir.
