Oliy Majlis Senatida “30-iyul – Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni”ga bagʻishlangan “Oʻzgarib borayotgan dunyoda odam savdosiga qarshi kurashish: profilaktika, himoya va hamkorlik” mavzusidagi xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi
2026-07-30 15:30:00 / Yangiliklar

Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari boʻyicha Milliy komissiya hamda Xalqaro migratsiya tashkiloti (IOM/UN Migration) hamkorligida tashkil etildi.
Konferensiya odam savdosiga qarshi kurashish sohasida erishilgan natijalarni tahlil qilish, global tahdidlarni muhokama etish hamda milliy va mintaqaviy hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlarini belgilashga qaratilgan muhim xalqaro muloqot maydoni boʻldi.
Unda davlat organlari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, sud-huquq tizimi, xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpus, fuqarolik jamiyati institutlari, ekspertlar hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari vakillari ishtirok etdi.
Anjumanda odam savdosining zamonaviy tahdidlari, xususan, raqamli texnologiyalar, onlayn yollash platformalari, firibgarlik sxemalari hamda transmilliy jinoiy tarmoqlar faoliyati tufayli yuzaga kelayotgan yangi xavflar muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, kuni kecha qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Odam savdosidan jabrlangan shaxslarni aniqlash va ularni jamiyatga integratsiya qilish tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni mamlakatimizda odam savdosidan jabrlangan shaxslarni erta aniqlash, ularning ehtiyojlarini baholash hamda ijtimoiy, huquqiy, psixologik va tibbiy xizmatlar bilan kompleks qamrab olishning mutlaqo yangi tizimini joriy etmoqda.
Tadbir davomida Odam savdosiga qarshi kurashish masalalari boʻyicha kichik komissiyasi raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Aziz Tashpulatov ishtirok etib, joriy yilning dastlabki olti oyligida odam savdosi bilan bogʻliq jinoyatlar, ularni bartaraf qilish boʻyicha koʻrilgan chora tadbirlar borasida toʻxtalib oʻtdi.
Anjuman yakunida odam savdosining oldini olish, jabrlanuvchilarni himoya qilish, raqamli tahdidlarga qarshi kurashish hamda Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlashning ustuvor yoʻnalishlarini belgilovchi Kommyunike qabul qilindi.









