Huquq va hayot. Fuqarolik hujjat emas, taqdir masalasi
2026-07-30 12:10:00 / Yangiliklar

Har bir inson uchun tugʻilib-oʻsgan yurti, oʻzini daxldor his qiladigan Vatani boʻlishi tabiiy. Biroq taqdir taqozosi bilan yillar davomida bir mamlakatda yashab, mehnat qilib, farzand kamolga yetkazgan boʻlsa-da, huquqiy jihatdan «fuqaroligi boʻlmagan shaxs» maqomida qolayotganlar ham yoʻq emas. Bunday vaziyatda fuqarolik shunchaki rasmiy hujjat emas, balki insonning ertangi kunga boʻlgan ishonchi, qonuniy huquqlari va jamiyatdagi toʻlaqonli oʻrnini belgilovchi hayotiy ehtiyojga aylanadi. Shu bois yurtimizda fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni qoʻllab-quvvatlash va ularning huquqiy maqomini qonuniy asosda hal etish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri boʻlib qolmoqda.
Ayni kunlarda respublika boʻylab oʻtkazilayotgan «Xavfsiz va sogʻlom yurt» tezkor-profilaktik tadbiri doirasida Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Migratsiya va personallashtirish boshqarmasi tomonidan keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Ichki ishlar vazirining 200-son hamda Xorazm viloyati IIB boshligʻining 55-son farmoyishlari asosida mazkur tadbirga 13 ta sohaviy xizmat jalb etilib, 98 ta yoʻnalish boʻyicha vazifalar belgilandi. Oldinga qoʻyilgan topshiriqlar ijrosini oʻz vaqtida va sifatli taʼminlash maqsadida 18 nafar malakali xodimdan iborat maxsus ishchi guruh shakllantirildi.
Tadbir davomida fuqarolarning yashash joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtish qoidalariga rioya qilishi, pasport-viza tizimi talablarining bajarilishi hamda chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning huquqiy maqomi atroflicha oʻrganilmoqda. Shu maqsadda mehmonxonalar, xostellar, yirik qurilish obyektlari hamda boshqa maskanlarda profilaktik nazorat tadbirlari izchil davom ettirilmoqda. Eng muhimi, bu saʼy-harakatlar orqali ayrim insonlarning yillar davomida hal etilmagan muammolari oʻz yechimini topmoqda. Masalan, ayni kunlarda Shovot tumanida istiqomat qiluvchi Zulfiya Oʻrazmetova hamda Tuproqqalʼa tumanida yashovchi Gʻafur Yaxshiboyevga Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini rasmiylashtirishda amaliy yordam koʻrsatilib, ularning koʻp yillik orzulari roʻyobga chiqarilmoqda.
Tahlillarga koʻra, soʻnggi yillarda bu boradagi ishlar mutlaqo yangi bosqichga koʻtarilgan. Xususan, 2016-2026-yillar davomida Xorazm viloyatida doimiy yashab kelgan jami 533 nafar fuqaroligi boʻlmagan shaxs Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmonlariga asosan mamlakatimiz fuqaroligiga qabul qilindi. Bu saʼy-harakatlar uzoq yillar davomida arosatda qolgan yuzlab oilalarga haqiqiy baxt va ertangi kunga ishonch bagʻishladi.
Mazkur raqamlar shunchaki statistika emas. Har bir raqam ortida bir insonning taqdiri, bir oilaning porloq umidi va ertangi kunga boʻlgan mustahkam ishonchi mujassam. Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, bugun migratsiya va personallashtirish tizimi nafaqat davlat xavfsizligini taʼminlash, balki inson qadrini ulugʻlash, fuqarolarning huquq hamda manfaatlarini chinakamiga himoyalashga xizmat qilmoqda. Zero, fuqarolik shunchaki shaxsni tasdiqlovchi hujjat emas, balki insonning oʻz Vatani bilan uzviy, huquqiy va maʼnaviy bogʻliqligidir.
Ruslan Matyoqubov, Xorazm viloyati IIB huzuridagi Migratsiya va personallashtirish boshqarmasi boshligi, podpolkovnik.
