UFC Abu-Dabi turnirida yana bir tarixiy gʻalaba: Ramazon Temirov raqibini birinchi raundda texnik nokautga uchratdi
2026-07-29 19:00:00 / Yangiliklar

Oʻzbekistonlik aralash yakkakurash (MMA) ustasi, UFC jangchisi Ramazon Temirov navbatdagi nufuzli musobaqada yana bir yorqin gʻalabaga erishdi. 2026-yil 25-iyul kuni Birlashgan Arab Amirliklarining Abu-Dabi shahridagi Etihad Arena majmuasida boʻlib oʻtgan UFC Fight Night 282 turnirida hamyurtimiz avstraliyalik tajribali jangchi Stiv Ersegni birinchi raundning oʻzida texnik nokaut (TKO) bilan magʻlub etdi.
Mazkur jang turnirning eng muhim bellashuvlaridan biri boʻlib, flayveyt (56,7 kg) vazn toifasidagi ko-meyn ivent sifatida tashkil etildi. Jang uch raundga moʻljallangan boʻlsa-da, Temirov raqibiga hech qanday imkoniyat qoldirmay, bellashuvni ilk raunddayoq muddatidan avval yakunladi.
Ramazon Temirov 1997-yil 31-yanvarda Qashqadaryo viloyatida tugʻilgan. U flayveyt vazn toifasida harakat qiladi va muxlislar orasida “Temurlan” taxallusi bilan tanilgan. Soʻnggi yillarda u xalqaro arenalarda yuqori natijalar qayd etib, UFC oktagonida ham oʻzining kuchli zarba texnikasi va tezkorligi bilan eʼtibor qozonmoqda.
Abu-Dabidagi ushbu jang Temirovning professional faoliyatidagi 22-jangi boʻldi. Uning hisobida hozirda 20 ta gʻalaba va 2 ta magʻlubiyat mavjud. Gʻalabalarining aksariyatini nokaut yoki texnik nokaut bilan qoʻlga kiritgani uning hujumkor uslubini yana bir bor tasdiqlaydi.
Temirov uchun bu jang faoliyatidagi eng jiddiy sinovlardan biri edi. Chunki uning raqibi Stiv Erseg UFC flayveyt divizioni reytingida 10-oʻrinni egallab turgan, shuningdek, avval UFC chempionlik kamari uchun jang qilgan tajribali sportchi hisoblanadi. Reytingdan oʻrin olmagan Temirovning aynan shunday kuchli raqib ustidan muddatidan avval gʻalaba qozonishi UFC jamoatchiligi va muxlislari tomonidan katta eʼtirofga sazovor boʻldi.
Ushbu muvaffaqiyat Ramazon Temirovning UFCʼdagi eng yirik gʻalabalaridan biri sifatida baholanmoqda. Mutaxassislar fikricha, mazkur natija oʻzbekistonlik jangchining flayveyt divizioni reytingiga kirishi uchun muhim qadam boʻlishi mumkin.
Maʼlumot uchun, Temirov UFCʼdagi debyut jangini 2024-yil oktyabr oyida oʻtkazib, amerikalik Si Djey Vergarani birinchi raundda nokautga uchratgan edi. Keyingi bellashuvida esa Charlz Jonson ustidan hakamlarning yakdil qarori bilan gʻalaba qozongan. Endi esa u UFC reytingining top-10 jangchisi ustidan muddatidan avval qozonilgan ishonchli gʻalabasi bilan oʻzini divizionning eng xavfli raqiblaridan biri sifatida namoyon qildi.
Muttaxassislar taʼkidlashicha, Abu-Dabidagi ushbu gʻalaba Temirov uchun yangi bosqichni boshlab berishi mumkin. Endi u nafaqat reytingdagi jangchilar bilan raqobatlasha olishini, balki ularni ishonchli tarzda magʻlub etishga qodir ekanini amalda isbotladi. Kelgusida unga yanada kuchli raqiblar qarshi chiqishi ehtimoldan xoli emas, ammo mazkur natija uning chempionlikka daʼvogarlar safidan joy olish imkoniyatini sezilarli darajada oshirdi.
Ushbu tarixiy gʻalabadan soʻng Ramazon Temirov Vatanga qaytdi. Chempionimiz Toshkent xalqaro aeroportida yaqinlari, muxlislari, Oʻzbekiston MMA assotsiatsiyasi va sport jamoatchiligi vakillari tomonidan tantanali ravishda kutib olindi. Bu esa nafaqat uning shaxsiy yutugʻi, balki oʻzbek MMA maktabining xalqaro maydondagi yana bir katta muvaffaqiyati sifatida eʼtirof etilmoqda.
Ramazon Temirovning mazkur gʻalabasi mamlakatimiz sporti tarixidagi muhim sahifalardan biri boʻlib, yosh sportchilar uchun ham katta motivatsiya manbai hisoblanadi. Uning UFC oktagonidagi muvaffaqiyatli ishtiroki Oʻzbekiston MMA maktabining xalqaro nufuzini yanada yuksaltirishga xizmat qilishi shubhasiz.
