Inson huquqlari va raqamli texnologiyalar uygʻunligi: IIV JIED tasarrufidagi Markaziy tergov hibsxonasida yangi bosqich
2026-07-29 08:00:00 / Yangiliklar

Mamlakatimizda jazoni ijro etish tizimini isloh qilish, ushbu sohada inson huquq va erkinliklarini taʼminlash, mahkum hamda qamoqda saqlanayotgan shaxslar uchun munosib shart-sharoitlar yaratish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylangan. Bu borada amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar nafaqat muassasalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, balki sohaga ilgʻor raqamli yechimlar va xalqaro standartlarni joriy etishga ham qaratilgan.
Ana shu ezgu maqsadlar izchil davomi sifatida Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish departamenti tasarrufidagi Markaziy tergov hibsxonasida yangi, zamonaviy tartibot binosi foydalanishga topshirildi.
Uning ochilish marosimida Ichki ishlar vaziri general-leytenant Aziz Tashpulatov hamda davlat va huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari, Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda “Unicon.uz” MCHJ maʼsullari va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbir doirasida Oliy sud raisi Robaxon Mahmudova, Bosh prokuror Nigʻmatilla Yoʻldoshev, Adliya vaziri Akbar Toshqulov, Favqulodda vaziyatlar vaziri Azizbek Ikromov, Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman) Feruza Eshmatova, Oliy Majlisning Bola huquqlari boʻyicha vakili (Bolalar ombudsmani) Surayyo Rahmonova, Advokatlar palatasi vakillari hamda boshqa masʼullar muassasada yaratilgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdilar.
Tadbirda, mazkur muassasa Davlatimiz rahbari tomonidan belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash, inson qadrini ulugʻlash va xalqaro huquq normalariga mos faoliyat yuritish yoʻlidagi muhim qadamlardan biri ekani alohida taʼkidlandi.
Markaziy tergov hibsxonasining asosiy vazifasi — sud hukmi chiqqunga qadar tergov ostidagi shaxslarni qonunchilik talablari asosida saqlashdan iborat. Shu bois bu yerda yaratilgan shart-sharoitlar, xavfsizlik choralari va huquqiy kafolatlar har tomonlama puxta oʻylangan.
Avvalgi tergov hibsxonasi binosida yillar davomida yechimini kutib kelgan bir qator muammolar va mahkumlar uchun noqulayliklar mavjud edi.
Mazkur zamonaviy va xalqaro standartlarga toʻliq javob beradigan majmua foydalanishga topshirilishi natijasida mavjud muammolar oʻz yechimini topdi.
Jumladan,
– advokatlar va tergovchilar uchun yaratilgan sharoitlar tubdan yaxshilanib, advokatlar xonasi 19 tadan 50 taga, tergov xonalari esa 6 tadan 25 taga koʻpaytirildi;
– Adliya vazirligi hamda Advokatlar palatasi bilan hamkorlikda “E-advokat” platformasi orqali advokatlarga himoyasi ostidagi shaxslar bilan uchrashuvlar vaqtini onlayn shaklda belgilash imkoniyati yaratildi;
Anʼanaviy tizimda kuniga 70–80 nafar shaxsning himoya huquqi taʼminlangan boʻlsa, raqamli platforma orqali bu koʻrsatkich hozirgi mavjud 19 ta xona orqali 150-200 nafardan oshdi. Yangi tashkil etilgan 50 ta xona ishga tushirilishi natijasida esa kuniga 500 – 600 nafar shaxsning advokat bilan uchrashuvini tashkil etish imkoniyati yaratiladi.
– onlayn sud xonalari soni 4 tadan 11 taga yetkazilib, tergov va sud jarayonlarini masofaviy amalga oshirish imkoniyatlari kengaytirildi;
– har bir muassasada onlayn shaklda notarial xizmatlarini amalga oshirish imkoniyati yaratildi;
– hibsxonada saqlanayotgan shaxslarning yaqin qarindoshlari bilan qisqa muddatli uchrashuv xonalari soni 14 tadan 36 taga yetkazilib, tirbandlik va aholining haqli eʼtirozlariga chek qoʻyildi;
– “E-Mahkum” axborot platformasi hamda “Qalʼa” intellektual monitoring platformasi yagona axborot muhitiga integratsiya qilinishi natijasida, 25 ta tashkilot bilan axborot almashinuvi yoʻlga qoʻyildi.
Xususan, sud va tergov organlari bilan yozishmalarni elektron tizim orqali amalga oshirish imkoniyati yaratildi.
– muassasaning nazorat-oʻtkazish tizimi toʻliq avtomatlashtirilib, fuqarolar, xodimlar va advokatlar uchun alohida kirish-chiqish yoʻlaklari tashkil etildi va kundalik sunʼiy navbatlar muammosi butunlay hal etildi;
– tergov hibsxonalarida voyaga yetmaganlar va bolali ayollar uchun 55 ta kamera ajratilib, xalqaro standartlar asosida jihozlandi;
– jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslarning yaqinlariga qulaylik yaratish maqsadida posilka, banderol va yoʻqlovlarni elektron doʻkon orqali yuborish ishlari amaliy bosqichga oʻtkazildi.
Xalqaro talablar asosida barpo etilgan yangi binoda xavfsizlik va shaffoflikni taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilgan. Barcha xonalar va yoʻlaklar yuqori aniqlikdagi videokuzatuv kameralari bilan jihozlanib, yagona markazlashtirilgan nazorat tizimiga ulangan. Bu esa muassasa faoliyatining ochiqligi va xavfsizligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Tashrif ishtirokchilariga muassasa hududida tashkil etilgan saylgoh, mahkumlar ehtiyojlari uchun joriy qilingan “Raqamli doʻkon“, “M-billing“ hamda “Videouchrashuv“ tizimlarining ishlash mexanizmi haqida ham batafsil maʼlumot berildi. Ushbu innovatsion yechimlar mahkumlarning qonuniy huquqlarini taʼminlash, ularning yaqinlari bilan aloqasini saqlab qolish hamda xizmatlardan foydalanish jarayonini zamonaviy formatga oʻtkazishga xizmat qiladi.
Tanishuv yakunida sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, yangi loyihalar va istiqboldagi vazifalar yuzasidan fikr-mulohazalar almashildi. Barcha darajada inson huquqlarini taʼminlash, qonun ustuvorligiga qatʼiy amal qilish, muassasalar faoliyatida ochiqlik, shaffoflik va raqamli texnologiyalarni keng joriy etish ustuvor vazifalardan biri ekani yana bir bor qayd etildi.
Yangi Markaziy tergov hibsxonasi nafaqat zamonaviy infratuzilmaga ega muassasa, balki inson qadri, qonuniylik va raqamli transformatsiya tamoyillari uygʻunlashgan yangi yondashuvning amaliy ifodasi sifatida mamlakatimizda jazoni ijro etish tizimini yanada takomillashtirish yoʻlidagi muhim qadam hisoblanadi.









