Ichki ishlar vazirligida ustozlarning sharafli mehnat yoʻlini eʼzozlash, Vatan ravnaqi yoʻlida munosib xizmat qilayotgan yosh xodimlarning fidoyiligi eʼtirof etishga qaratilgan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi
2026-07-28 17:00:00 / Yangiliklar

Faxriylarni qadrlash, ularning koʻp yillik mehnati va hayotiy tajribasini munosib baholash ichki ishlar organlarining ezgu va davomiy anʼanalaridan biri hisoblanadi. Chunki bugungi muvaffaqiyatlar zamirida ustozlar yaratgan tajriba maktabi, ular tarbiyalagan shogirdlar va Vatanga sadoqat gʻoyasi mujassam.
Navbatdagi tantanali tadbir ana shu ezgu qadriyatlarning yorqin namunasi boʻldi.
Marosimda ichki ishlar organlarida uzoq yillar samarali xizmat qilgan, Ichki ishlar vazirligi Faxriylar kengashi raisi, isteʼfodagi general-mayor Erkin Norgitovning muborak 80-yillik yubileyi bilan muborakbod etildi.
Tadbirda soʻz olgan Ichki ishlar vazirligi rahbariyati va mehmonlar — faxriylar tizimning bebaho boyligi ekanini alohida taʼkidladi. Bugungi kunda ichki ishlar organlarining 96 ming nafardan ziyod faxriysi oʻzining boy hayotiy va xizmat tajribasini yosh avlodga oʻrgatib, ularni Vatanga sadoqat, kasbga fidoyilik va xalqqa xizmat qilish ruhida tarbiyalashga munosib hissa qoʻshib kelmoqda.
Faxriylarning jamiyat hayotidagi faolligi ham alohida eʼtirof etildi. Hozirgi kunda ularning 4 820 nafari turli vazirlik va idoralarda mehnat qilmoqda, 775 nafari mahalla raisi, 29 nafari mahalliy Kengash deputati, 1 nafari esa Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi sifatida xalq xizmatida faoliyat yuritmoqda. Bu esa faxriylarning nafaqat tizim, balki mamlakat taraqqiyotida ham munosib oʻrin tutayotganini koʻrsatadi.
Tadbirda Erkin Norgitovning hayoti va faoliyatiga bagʻishlangan hujjatli film namoyish etildi. Unda ustozning ichki ishlar organlaridagi mashaqqatli va sharafli mehnat yoʻli, rahbarlik faoliyati, yuksak insoniy fazilatlari hamda minglab shogirdlar tarbiyasidagi xizmatlari yorqin aks ettirildi.
Tadbir davomida ichki ishlar vaziri yana bir muhim haqiqatga urgʻu berdi: insonni egallagan lavozimi emas, balki uning Vatan oldidagi halol xizmati, xalq ishonchiga sazovor boʻlgan faoliyati va tarbiyalagan munosib shogirdlari ulugʻlaydi. Erkin Norgitovning hayot yoʻli aynan shu ezgu fazilatlarni oʻzida mujassam etgan ibrat maktabidir.
Tantanali tadbirning mantiqiy davomi sifatida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarga munosib hissa qoʻshayotgan, Vatanga sadoqat va kasbga fidoyilik namunasini koʻrsatayotgan yosh xodimlarni ragʻbatlantirish marosimi boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ““Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti bilan taqdirlash toʻgʻrisida”gi qarori hamda ichki ishlar vazirining buyrugʻiga muvofiq, Toshkent shahar IIBB Tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbar bataloni katta mutaxassis-mergani, serjant Dilshodbek Ulugʻbek oʻgʻli Yuldashev yuksak “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti bilan taqdirlandi.
Ushbu mukofot yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini taʼminlash, xalq manfaatlarini himoya qilish yoʻlida xizmat qilayotgan yosh xodimlarga koʻrsatilayotgan yuksak ishonch va eʼtiborning yana bir yorqin ifodasidir.
Tadbir yakunida bir haqiqat yana bir bor oʻz tasdigʻini topdi: ichki ishlar organlarining kuchi – tajribali ustozlar va ularning munosib vorislari boʻlgan fidoyi yoshlar birligidadir. Ana shunday vorisiylik anʼanasi tizim taraqqiyoti, xalq tinchligi va Yangi Oʻzbekistonning ertangi kuni uchun mustahkam poydevor boʻlib xizmat qilmoqda.





